O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining Toshkent viloyati hududiy bo‘limi tashkil etiladi.

Qarorga muvofiq, 2026 yil 1 iyunga qadar Sud ekspertiza markazining Toshkent viloyati bo‘limi xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashgan O‘zDSt ISO/IEC 17025:2019 davlat standarti talablariga javob beradigan binoga joylashtiriladi hamda maxsus mebel, kompyuterlar, boshqa zarur texnika va inventarlar, shuningdek, yuqori malakali professional kadrlar bilan ta’minlanadi.

Sud ekspertiza markazida iste’mol mahsulotlari tarkibida genetik modifikatsiyalangan organizmlar (GMO) mavjudligi va ichimlik suvining tarkibini aniqlashga qaratilgan tadqiqotlarni amalga oshiruvchi Iste’mol mahsulotlari va ichimlik suvi tarkibini tahlil qilish laboratoriyasi tashkil qilinadi.

2025 yil 1 dekabrga qadar Sud ekspertiza markazida sud-axloqshunoslik ekspertizasi, parfyumeriya sanoati mahsulotlarining kimyoviy tarkibini o‘rganish hamda qurilish materiallari bo‘yicha tadqiqotlar olib borish yo‘lga qo‘yiladi.

Sud ekspertiza markazining hududiy bo‘limlarida: 

2025 yil 1 oktyabrga qadar Navoiy viloyati bo‘limida Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasi hamda Sud-xatshunoslik va hujjatlarning sud-texnikaviy ekspertizalari;

2025 yil 1 noyabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limida Sud-fonografiya, sud-yong‘in texnika va elektrotexnika ekspertizalari;

2026 yil 1 dekabrga qadar Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘limida Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasi hamda Sud-xatshunoslik va hujjatlarning sud-texnikaviy ekspertizalari tadqiqot turlari bosqima-bosqich joriy etiladi.

O‘zA