Kosmik sohada ilmiy tadqiqotlar olib borish, kosmik tizimlarning turlari ya’ni yerni masofadan zondlash, davlat kosmik monitoringi, kosmik aloqa tizimi, yuqori aniqlikdagi sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimini takomillashtirish dolzarb ahamiyatga ega.

Kosmik raketa komplekslari (kosmodromlar)dan foydalanish, kosmik ob’ektlarni tamg‘alash, ijaraga berish, kosmik ob’ektlarni va texnika vositalarini utilizatsiya qilish, kosmik infratuzilma va faoliyat xavfsizligi, faoliyatni moliyalashtirish asoslari hamda xalqaro hamkorlik masalalarini kengaytirish zarur.

Senat yalpi majlisida “Kosmik faoliyat to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi jarayonida shu jihatlarga e’tibor qaratildi.

Qonunda kosmik faoliyatga oid asosiy tushunchalar va prinsiplar, faoliyatni amalga oshirishning maqsadlari, kosmik faoliyat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari nazarda tutilgan.

Vazirlar Mahkamasi, Raqamli texnologiyalar vazirligi va uning huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi hamda Mudofaa vazirligining kosmik faoliyat sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda.

Qonunda ilm-fan, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologiya, mudofaa, xavfsizlik va boshqa sohalarga oid maqsadlarga erishish uchun kosmik texnologiyalar vositasida kosmik fazoni va Yerni tadqiq etish hamda ulardan foydalanish, shuningdek, kosmik faoliyatning atrof-muhit, tabiiy resurslar va aholi sog‘lig‘iga ta’sirini nazorat qilish kabi masalalarga alohida e’tibor berilgan.

Qonunda kosmik faoliyat sohasidagi strategik yo‘nalishlar hamda davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, iqtisodiyot tarmoqlaridagi qonunchilik buzilishi hollarini kosmik suratlarga ishlov berish orqali aniqlashga ko‘maklashish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri ekanligi nazarda tutilgan.

Senat a’zosi Azamat Ziyo mazkur qonunni tarixiy qonun deb atadi. Besh yil oldin Prezidentimiz qarorlari bilan koinotni o‘rganish, sohadagi yutuqlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha agentlik tuzildi. Aytib o‘tish kerakki, aslida koinot bilan bog‘liq ishlarning tamal toshini buyuk ajdodlarimiz – Xorazmiy, Farg‘oniylar qo‘yib bergan. Sohada ulkan ishlarni amalga oshirgan. Ular yaratgan koinotga oid asarlar Yevropa universitetlarida darslik o‘laroq o‘qitilgan.

Keyinchalik yana bir buyuk ajdodimiz Ulug‘bekning “Ziji Ko‘ragoniy”si paydo bo‘ldi. Amerikani kashf etgan Kolumb ham Ulug‘bek yaratgan jadvallardan foydalangan. Bunday boy tariximizni nafaqat o‘rganish, balki keng ommaga, xalqaro hamjamiyatga yetkazuvchi ko‘rgazmalarimiz bo‘lishi zarur. Bu borada soha vakillariga hammamiz yordam berishimiz kerak. Sohaga oid qonun ijodkorligida milliy atamalardan kengroq foydalanish maqsadga muvofiq.

Senatorlar ma’qullagan qonun bilan kosmik faoliyat sohasi tartibga solinib, mas’ul organlar, ularning vakolatlari va vazifalari aniq belgilandi. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarning oldini olish, atrof-muhitni muhofaza qilish, mudofaa va xavfsizlikni ta’minlashda kosmik faoliyatni amalga oshirishning huquqiy kafolati yaratildi.

Qonun mamlakatimizda barcha sohalarda, jumladan, yer munosabatlari, geologiya, seysmik xavfsizlik, transport, qishloq, o‘rmon, suv va yo‘l xo‘jaligi sohalarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritish imkonini beradi.

N.Abduraimova, O‘zA