Senatning ikkinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirmoqda. Senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirishga, aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini oshirishga, shuningdek, soliq to‘lovchilar uchun soliq yukini kamaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, mavjud preferensiyalarning amal qilish muddatini uzaytirish, shuningdek, vaqtinchalik soliq imtiyozlari qo‘llaniladigan faoliyat turlari ro‘yxatini kengaytirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Mazkur qonun bilan Soliq kodeksiga qo‘shimcha manbalardan daromad oluvchi byudjet tashkilotlari uchun belgilangan soliq stavkalarining amal qilishini 2027 yilning 1 yanvarigacha uzaytirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, jami daromadning chegaraviy miqdorini 5 milliard so‘mdan 10 milliard so‘m etib belgilanishi, ushbu daromad mavjud bo‘lganda soliq to‘lovchilar har oylik bo‘nak to‘lovlarini to‘liq chorak o‘tganidan keyin to‘lashini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Qonun bilan Prezidentning yoki Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan beriladigan byudjet subsidiyalari jami daromad tarkibiga kiritilmasligi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, o‘z mablag‘lari hisobidan nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining binolarini qurish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarga nisbatan foyda solig‘i bo‘yicha vaqtinchalik soliq imtiyozlari berilmoqda.
Prezident qarori bilan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha protez moslamalari va ularning butlovchi, ehtiyot qismlarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish hamda O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan vagonlar (konteynerlar) operatorlarining temir yo‘l transportida tashish jarayonida vagonlar (konteynerlar)ni ijara shartlari asosida foydalanishga berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish aylanmasi qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashdan vaqtinchalik ozod qilinmoqda.
Majlisda qonun qizg‘in muhokama qilindi. Soliq qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Mubin Mirzayev qonun tadbirkorlarga juda katta imkoniyat berishini qayd etdi. Masalan, tadbirkor ilgari bitta maktab qursa, 20 milliard sarflasa, qilingan xarajatdan 15 foiz soliq to‘lar edi. Ularga imkoniyat berilmasa, naf ko‘rmaydi. Shuning uchun ularga imtiyoz berilmoqda. Qonun bilan berilgan soliq imtiyozlarini tadbirkorlarga tushuntirsak, ular bundan kengroq foydalanadi.
Qonun bo‘yicha munosabat bildirgan Senat Raisi T.Norboyeva qonun bilan joriy etilayotgan imtiyozlar tadbirkorlarni yanada faolroq ishlashga rag‘batlantirishini qayd etdi. O‘z navbatida, bu jarayonda bandlikni ta’minlash doirasi kengayadi. Bu esa, kambag‘allikni batamom bartaraf etishi mumkin. Umuman, davlat byudjetining 52 foizi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgani ham xalqimiz farovonligi oshishiga qaratilgan. Bir so‘z bilan aytganda, ijtimoiylik tamoyili – islohotlarning asosiy mezoni. Yaratilayotgan imkoniyatlarni aholiga, ayniqsa, tadbirkorlarga yetkazishda barchamiz, ayniqsa, mahalliy kengashlar faollik ko‘rsatishi zarur.
Senatorlar tomonidan ma’qullangan qonun ta’lim tizimini takomillashtirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish va aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanligi alohida ta’kidlandi.
N.Abduraimova, O‘zA