“Nuroniy” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 25 noyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirishga faol nuroniylarni jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari R.Saparbayev, O‘zbekiston Respublikasi “Nuroniy” jamg‘armasi raisining birinchi o‘rinbosari Sh.Ubaydullayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Nuroniy” jamg‘armasi bo‘limi raisi T.Abdijabbarov so‘zga chiqib, qarorning mazmun-mohiyatiga, keksa avlod vakillarining bilim va tajribasidan foydalangan holda oilalarni kambag‘allikdan chiqarish tizimini joriy etish hamda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish jarayoniga faol nuroniylarni jalb etish va ularning imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalariga to‘xtaldi.

Uchrashuvda har bir mahalla fuqarolar yig‘inida katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan e’tiborli, ibratli uch faol nuroniyni ularning imkoniyatlaridan samarali foydalanish maqsadida besh kambag‘al oilaga biriktirish orqali ularni kambag‘allikdan chiqarishga ko‘maklashish hamda mahallalarda sog‘lom turmush tarzini, ijtimoiy-madaniy hayot darajasini tashkil etish ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. Jumladan, joylarda xonadon tomorqasidan samarali foydalanish, ularda yuqori daromadli ekin turlari ekilishini tashkil etish, ekinlarni parvarishlash ko‘nikmasini shakllantirish hamda yetishtirilgan mahsulotlarning realizatsiya qilinishiga ko‘maklashish, oilani daromadli qilish uchun ko‘chma do‘kon, kichik ishlab chiqarish uskunalari va boshqa zarur texnika vositalarini bo‘lib to‘lash sharti bilan ijaraga olishga yordamlashish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, kambag‘al oila farzandlarini, ularning qiziqishlaridan kelib chiqib, mahallalardagi hunarmand va ustalarga shogirdlikka biriktirish, ushbu oilalarning ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan farzandlarini o‘quv jihozlari va qurollari hamda sport kiyimlari bilan ta’minlash, ularning qo‘shimcha darslar va to‘garaklarga qatnashishini tashkil etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda mahallalarda sog‘lom turmush tarzini, jumladan, piyoda yurish madaniyatini targ‘ib qilish, keksa yoshdagi fuqarolar uchun mos keladigan sport tadbirlarini tashkil etish, ularni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb etish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Tadbir ishtirokchilari qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA