O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida “Men omadli tadbirkor ayolman” mavzusida faol tadbirkor xotin-qizlar forumi tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda xotin-qizlar uchun yaratilgan imkoniyatlar natijasida so‘nggi yillarda ishbilarmon ayollar soni ortib, yangi ish o‘rinlari yaratilayotganligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkor va o‘z-o‘zini band qilgan faol xotin-qizlar soni 16 ming 675 nafardan oshdi. Nukus shahri shu yilning yanvar-oktyabr oylarida davlat ro‘yxatidan o‘tgan tadbirkorlar soni 745 nafarni tashkil etdi. Shundan, 242 ta korxona xotin-qizlar tomonidan tashkil etilgan.

Forum davomida ishtirokchilar biznesni samarali tashkil etish, uni natijali boshqarish, tadbirkorlik olamida muvaffaqiyatga erishish sirlari kabi bir qator bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldi. Shuningdek, ancha yillik tajribaga ega tadbirkorlar biznes sohasida chet el tajribalarini Qoraqalpog‘iston Respublikasida yo‘lga qo‘yish, zamonaviy tizimlarni amalda qo‘llash kabi qator tajribalar bilan o‘rtoqlashdi.

Tadbir so‘nggida faol qatnashgan tadbirkor xotin-qizlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA