G‘oliblar bir yillik badal to‘lovlaridan ozod qilinadi
Poytaxtimizdagi R.Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan bolalar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilarining “San’at yo‘nalishi” Respublika ko‘rik-tanlovining navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda barkamol avlodlarni voyaga yetkazish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, g‘oya va tashabbuslarini munosib rag‘batlantirish borasida samarali ishlar qilinayotgani haqida so‘z yuritdi. Berilayotgan bunday keng imkoniyatlar yoshlarimizning kelajakda o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishlariga zamin yaratishini ta’kidladi.

2222.JPG
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 5 iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2017 yil 31 maydagi “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida“gi qarori bu boradagi ishlar samarasida muhim asos bo‘layotir.

Tanlovda 150 ga yaqin o‘quvchi-yoshlar “Teatr san’ati”, “Tasviriy san’at”, “Amaliy san’at” hamda “Xoreografiya san’ati” yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Ishtirokchilarni madaniyat va san’at sohasining yetakchi mutaxassislari baholab bordi.
G‘oliblar 12 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan tanlovning yakuniy qismida e’lon qilinadi. Tanlovda 1-o‘rinni egallagan ishtirokchi bir yil davomida bolalar musiqa va san’at maktablaridagi badal to‘lovlaridan ozod qilinishi ko‘zda tutilgan.

 

Gulnoza Boboyeva, Otabek Mirsoatov (surat) O‘zA