Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Nukus “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyida bo‘lib o‘tgan tadbirda ishtirok etdi.

Bildirilgan ezgu tilaklar, san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari, tarbiyalanuvchilarning raqs dasturlari tadbirga yanada ko‘tarinki ruh baxsh etdi. Davlatimiz tomonidan yaratilgan sharoitlardan o‘zlariga qanot yasab, hayot sinovlarini mardonavor yengib o‘tayotgan ushbu aqlan yoki jismonan zaif ayollar shijoati tahsinga loyiq.

Mana shunday tadbir Chimboy “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyida ham bo‘lib o‘tdi.

Unda ishtirok etgan mas’ullar qatorida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari ham ushbu sananing ahamiyati, mamlakatimizda har bir fuqaroning teng huquqliligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtaldi.

Tarbiyalanuvchilar ishtirokidagi kuy-qo‘shiqlar tadbirga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri