Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligida “Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida “Jamoatchilik nazorati – davlat islohotlarining amalga oshirilishi jarayonlariga xizmat qiladi” mavzusida ochiq muloqot hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vaziri bilan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari uchrashuvi o‘tkazildi.

Tadbir “Yuksalish” harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi ko‘magida, Adliya vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hududiy bo‘linmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Mahalliy hokimiyat vakillari, deputatlar, vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, davlat va jamoat arboblari, boshqa jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda “Yuksalish” harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi rahbari Tajibay Romanov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari Rajabbay Nurazizov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vaziri Elmurod Tursunovlar nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini oshirish hamda ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 26 avgustdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq har yili dekabr oyining birinchi haftasida “Fuqarolik jamiyati haftaligi”ni o‘tkazish belgilangan. Shunga muvofiq, haftalikni joriy yilning 2-6 dekabr kunlari respublikaning barcha hududlarida o‘tkazish rejalashtirilgan.

Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad – O‘zbekistonda erkin fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni milliy va xalqaro hamjamiyatga yetkazish, hamda fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish, asoslantirilgan takliflar ishlab chiqishdan iborat.

Haftalik doirasidagi tadbirlarda xalqaro va xorijiy tashkilotlar, vazirlik, idoralar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida 50 dan ortiq forum, konferensiya va davra suhbatini tashkil etish rejalashtirilgan. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan uchrashuv, “Biz donormiz!” xayriya aksiyasi o‘tkaziladi.

Ushbu tadbir istiqbolli tashabbuslarni ishlab chiqish, shuningdek, shaffoflik va inklyuzivlikni oshirish bo‘yicha muloqot va keyingi qadamlarni aniqlash uchun ochiq platforma bo‘lib xizmat qiladi. Haftalik shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash va davlat organlari va hamda jamiyat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri