Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi missiyasi rahbari o‘rinbosari Andrin Fink bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda O‘zbekistonda IT-ta’limni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi hamda IT-ta’lim uyushmasi o‘rtasida “O‘zbekistonda IT va raqamli ta’lim landshaftini rivojlantirish inklyuziv o‘sish uchun manfaatdor tomonlarni bog‘lash” loyihasi doirasida kelishuv shartnomasi imzolandi.

Ushbu loyiha raqamli ta’lim orqali jamiyatda inklyuziv o‘sishni ta’minlash va iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirishni maqsad qilgan. Loyiha doirasida yoshlarning IT savodxonligini oshirish, malaka oshirish imkoniyatlarini taqdim etish, shuningdek, olis hududlarda yashovchi yoshlar va ayollarni ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Loyihaning birinchi bosqichi doirasida aholining raqamli ko‘nikmalari holati tahlil qilinadi. Bozor ehtiyojlariga mos yangi kasblar aniqlanadi va IT-ta’lim resurslarini birlashtiruvchi platforma ishlab chiqiladi.

Loyiha doirasida IT-ta’lim yo‘nalishini rivojlantirish uchun Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi tomonidan IT-ta’lim uyushmasi nodavlat notijorat tashkilotiga 150 ming dollar miqdorida grant mablag‘i ajratildi.

Ta’kidlash lozimki, Shveysariya bilan olib borilayotgan ushbu hamkorlik mamlakatda raqamli transformatsiya jarayonini tezlashtiradi. Shuningdek, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytiradi va O‘zbekistonning IT bozorida xalqaro raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

N.Rahmonova, O‘zA