Xabaringiz bor kuni kecha Osiyo qit’asida futbol bo‘yicha Jahon chempionati 3-saralash bosqichining to‘rtinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu turdan so‘ng “A”, “B” va “C” guruhlarida to‘rt o‘yin yakunlariga ko‘ra yetakchi terma jamoalar aniqlandi.
To‘rtinchi turdan so‘ng barcha guruhlardagi vaziyat quyidagicha ko‘rinish oldi.
Jumladan, “A” guruhida O‘zbekiston terma jamoasi “Bunyodkor” stadionida BAA ustidan 1:0 hisobida zafar quchgan bo‘lsa, Eron 4:1 hisobida Qatardan ustun keldi. Buning natijasida Eron va O‘zbekiston termalari ochkolarini 10 taga yetkazib oldi. BAA hamda Qatar esa 4 ochko bilan keyingi pog‘onalarda qoldi. Qirg‘iziston o‘z maydonida KXDR ustidan zafar quchib, 3 ochko jamg‘argan holda 5-o‘ringa ko‘tarilib oldi. KXDR hamon 2 ochko evaziga so‘nggi o‘rinda bormoqda.
“B” guruhida navbatdagi bosqichga chiqish uchun Janubiy Koreya o‘z imkoniyatlarini yanada yaxshilab oldi. Iordaniya va Iroq esa ikkinchi o‘rindan joy olish uchun asosiy da’vogarlar qatorida bormoqda. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Janubiy Koreya o‘z maydonida Iroqni 3:2 hisobida taslim qildi. Iordaniya va O‘mon o‘yini yirik 4:0 hisobida yakunlandi. Falastin esa Quvayt bilan 2:2 hisobida durangga imzo chekdi.
Ushbu natijalardan so‘ng, Janubiy Koreya 10 ochko bilan guruh peshqadamiga aylandi. Iordaniya va Iroq terma jamoalari 7 ochko jamg‘argan holda kuchli uchlikka joylashdi. O‘mon va Quvayt 3 ochko bilan 4-5-o‘rinlardan joy olgan bo‘lsa, Falastin esa 2 ochko bilan 6-pog‘onadan o‘rin oldi.
“C” guruhida yaqqol favorit kutilganidek Yaponiya terma jamoasi bo‘lsa-da, bu turda ochko yo‘qotdi. Bu jamoa o‘z maydonida Avstraliya bilan 1:1 hisobida durang qayd etdi. Xitoy esa 2:1 hisobida Indoneziyani dog‘da qoldirib, muhim 3 ochkoni qo‘lga kiritdi. Saudiya Arabistoni va Bahrayn uchrashuvi 0:0 hisobida yakunlandi.
Ayni vaqtda Yaponiya 10 ochko bilan guruhda karvonboshilik qilayotgan bo‘lsa, Avstraliya, Saudiya Arabistoni hamda Bahrayn terma jamoalari bir xil – 5 ochko jamg‘arib, navbatdagi bosqichga chiqish imkoniyatlarini saqlab qoldi. Ularning guruhdagi joylashuvi esa faqatgina gollar nisbatiga ko‘ra saralandi. Indoneziya va Xitoy termalari 3 ochko bilan 5-6 o‘ringa tushib qoldi.
Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, ushbu bosqichda hali mag‘lubiyatga uchramagan 4 ta terma jamoa bor – O‘zbekiston, Eron, Yaponiya va Janubiy Koreya. Ammo ularning barchasi ochko yo‘qotishga ulgurdi. Qiziqarlisi, to‘rtala terma jamoa ham 10 ochkodan jamg‘ardi.
Jahon chempionati 3-saralash bosqichining beshinchi turi 14 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Unda quyidagi o‘yinlar o‘tkaziladi:
“A”: O‘zbekiston – Qatar, BAA – Qirg‘iziston, KXDR – Eron;
“B”: Iordaniya – Iroq, Quvayt – Janubiy Koreya, O‘mon – Falastin;
“C”: Idoneziya – Yaponiya, Avstraliya – Saudiya Arabistoni, Bahrayn – Xitoy.
Ma’lumot o‘rnida: 2026 yilda AQSH, Kanada va Meksika mamlakatlarida bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionatida 48 ta jamoa ishtirok etishi belgilangan. Qit’amizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 8 ta, qit’alararo pley-off o‘yinlari orqali esa bitta o‘rin ajratilgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA