Bugun, 9 oktyabr kuni Qozog‘istonda o‘tayotgan stol tennisi bo‘yicha Osiyo chempionatida tennischi yigitlarimiz qit’a chempionatining 17-o‘rni uchun Shri-Lankaga qarshi maydonga tushadi. Shuningdek, kun davomida stol tennischilarimiz mikst va juftlik dasturlarida saralash bahslarini o‘tkazadi.
Kecha bellashuvlarda tennischi qizlarimiz jamoaviy dasturdagi ishtiroklarini yakunladi.
26 ta davlatning 200 nafardan ziyod mahoratli kichik raketka ustalari qatnashayotgan chempionatning 11-14-pog‘onalari uchun kechgan bellashuvda hamyurtlarimiz dastlab qozog‘istonliklarni 3:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. 11-o‘rin egasi aniqlangan bahsda Malayziya 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu natija stol tennisi bo‘yicha O‘zbekiston qizlar terma jamoasi jamoaviy bahsda 12-o‘rinni egallashiga olib keldi.
Ortda qolgan kunning eng qiziqarli o‘yini 14 yoshli eronlik Benyamin Faraji va jahon reytingi yetakchisi xitoylik Chutsin Van o‘rtasida o‘tdi. Eronlik sportchining jamoaviy dasturda jahon reytingida yetakchilik qilayotgan raqibini mag‘lubiyatga uchratgani musobaqaning shov-shuvli natijasi bo‘ldi.
Bahslar 13 oktyabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA