Kecha futbol bo‘yicha 2026 yilgi jahon chempionatining saralash bosqichi doirasidagi bahsida O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qarshi o‘yinda maydonga tushish uchun Eron terma jamoasi Toshkentga yetib keldi.

Ertaga, 10 oktyabr kuni o‘tadigan JCH-2026 saralashi doirasidagi O‘zbekiston – Eron uchrashuvini avstraliyalik Shon Evans boshchiligidagi hakamlar boshqarib boradi.

36 yoshli Shon Evans 2017 yildan buyon FIFA hakami sanaladi. U bugunga qadar O‘zbekiston milliy terma jamoasi ishtirokidagi faqat bitta uchrashuvda bosh hakam bo‘lgan.

Yodingizda bo‘lsa, 2018 yil 15 noyabr kuni Ektor Kuper murabbiyligidagi O‘zbekiston terma jamoasining Avstraliyada Livan terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik bahsini aynan Shon Evans boshchiligidagi hakamlar guruhi boshqarib borgandi.

Eslatib o‘tamiz, JCH-2026 ning ilk dovonida ro‘baro‘ kelayotgan O‘zbekiston – Eron o‘yini ertaga, 10 oktyabr kuni kech soat 19:00 da poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadionida boshlanadi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA