Estoniya poytaxti Tallin shahrida ot sportining konkur yo‘nalishidagi xalqaro musobaqada dunyoning eng kuchli chavandozlari bilan bahslashgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari bittadan oltin va bronza, uch kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Xalqaro turnirning dastlabki kuni to‘siq balandligi 140 sm. bo‘lgan marshrutda Abdurahmon Abdullayev “Otto van de Achterhoek” laqabli otda 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, kuchli uchlikni “Matts V.G” laqabli tulporda harakatlangan Bekzod Qurbonov yakunlab berdi. 135 sm. masofadagi bellashuvlarda Bahromjon Gaziyev 5-o‘rin bilan kifoyalandi.
Musobaqaning ikkinchi kunida sportchilarimiz medallar jamg‘armasini ikkita kumush medal bilan to‘ldirdi. Bekzod Qurbonov “6 to‘siq” yo‘nalishida, Abdurahmon Abdullayev esa 145 sm.lik marshrutda sovrindorlar qatoridan joy egalladi.
Musobaqaning so‘nggi kunidagi to‘siqlar balandligi 150 sm. bo‘lgan Gran-pri bahslarida terma jamoamiz a’zosi Abdurahmon Abdullayev kumush medal sohibi bo‘ldi.
Shu tarzda chavandozlarimizning muvaffaqiyati evaziga Tallin sport maydonida madhiyamiz yangrab, bayrog‘imiz yuksaldi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA