Poytaxtimizda Madaniyat vazirligi hamda Teatr arboblari uyushmasi hamkorligida Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan O‘zbekiston qo‘g‘irchoq teatrlarining XI an’anaviy ko‘rik-festivali bo‘lib o‘tmoqda.
Yoshlarni sog‘lom va teran tafakkurli, yuksak badiiy didli insonlar etib kamolga yetkazishda teatr san’atining ahamiyati beqiyos. Shu nuqtai nazardan bugungi shiddatli zamon ijodiy jamoalar, ayniqsa, bolalar teatrlari zimmasiga g‘oyat mas’uliyatli vazifalarni qo‘ymoqda.
– Festivalga taqdim etilgan spektakllar zamonaviy va tarixiy mavzularda bo‘lib, tarbiyaviy ahamiyatga molik ekani bilan diqqatga sazovor, – deydi ko‘rik-festival hakamlar hay’ati a’zosi, teatrshunos Eson O‘rinov. – Spektakllarni baholashda asar mavzusining dolzarbligi, g‘oyasi, tarbiyaviy ahamiyati, aktyorlarning ijro mahorati, nutq madaniyati, musiqa, sahna dekoratsiyalari kabi jihatlariga asosiy e’tibor qaratilmoqda.
Ko‘rik-festivalda namoyish etilayotgan “Virtual dunyo”, “Sehrli tabib”, “Mushukcha Miu”, “Qirq qiz”, “Zumrad va Qimmat”, “Oqqushlar nidosi” kabi spektakllar yosh tomoshabinlarga manzur bo‘lmoqda.