Keyingi payt ijtimoiy tarmoqda internet firibgarligi, ayrim shaxslar to‘rga ishonib kartasidagi pulidan ayrilgani haqidagi xabarlar ko‘paygan. Garchi g‘oya, ixtiro va kashfiyot, yangi texnologiya taraqqiyotni harakatga keltirayotgan esa-da, zamonaviy yutuqlardan firibgarlar ham unumli foydalanmoqda.Afsuski, inson zakovati mahsuli bo‘lmish texnik taraqqiyot ular uchun ham ayni muddao bo‘lganiga misol yetarli.
Xasislik yunon savdogarlari boshiga qanday kulfat keltirgan?
Texnologiya asridan ancha oldin ham odamlar boyish uchun turfa usuldan foydalanishgan. Bunday harakatlarning bari ham qonun doirasida bo‘lmagan.
Kunlarning birida gretsiyalik ikki sovdagar – Gegestratos va Zenostemis cho‘ntaklarini o‘z mahsulotini sug‘urtalash orqali qappaytirishga qaror qilishdi. Ular katta qarz olib, savdo kemasida yo‘lga chiqishdi. Kelishuvga ko‘ra, ushbu mablag‘ sug‘urta qilingan yuk sotilgandan keyin foizi bilan qaytarilishi kerak edi. Olg‘ir tadbirkorlar esa boshqa yo‘ldan borishdi: boshlarini og‘ritib o‘tirmay, kemani shunchaki cho‘ktirib qo‘ya qolishdi.
Darvoqe, bu qalloblik ish bermadi. Gegestratos qochishga uringanda o‘ldirildi, Zenostemis esa jazosini olishi uchun Afina sudiga jo‘natildi.
Shu voqeadan so‘ng asrlar o‘tdi, biroq texnologiyalar hamon ayrim firibgarlarga qo‘l kelmoqda.
Smitning tovlamachiligi fojiali yakun topdi
Jefferson Rendolf Smit “Sovunli” laqabini ishonuvchan odamlarning pulini o‘zlashtirish maqsadida juda oddiy, biroq samarali texnologiyadan foydalangani uchun orttirgan.
U oddiy sovun bo‘lagini papiros qog‘oziga o‘rab sotib yurar, xaridorlarga 5 dollar evaziga qadoq ichidan 100 dollarlik kupyura topib olishi mumkinligini ta’kidlardi. Dastlabki omadlilar haqiqatan foyda ko‘rishdi. Shu tariqa yutuq qo‘lga kiritish ilinjida boshqalar ham besh dollaridan osongina voz kecha boshladi…
Oxir-oqibat Smitning ishi xalol fuqarolar jahlini chiqardi va 1898 yil u mahalliy aholi bilan mojaroda boshidan o‘q yeb, dunyoni tark etdi.
Tovlamachilik vositasi – optik telegraf
Aka-uka Fransua va Jozef Blan Bordo xom ashyo birjasida obligatsiya sotib kun ko‘rishardi. Qimmatli qog‘oz narxi Parijdagi voqealarga kuchli ta’sir ko‘rsatardi. Faqat qaysi birja o‘yinchisi ma’lumotni birinchi bo‘lib olsagina, katta foyda ko‘rardi. Raqobatchilar axborotga hammadan oldin ega chiqish uchun bor qitmirlishini ishga solar, bu yo‘lda, hatto, pochta kaptarlaridan ham foydalanardi.
Aka-uka Blan hammadan ayyor ekan: o‘sha payt iste’molda bo‘lgan optik telegrafdan noqonuniy ma’lumot uzatishda foydalanishni o‘ylab topishdi. U davrda telefon hali ixtiro qilinmagan, telegraf esa signal beradigan tirsakka ega ulkan minoradan iborat edi. Xabar bir minoradan ikkinchisiga uzatilardi. Aka-uka aloqachini pul evaziga o‘ziga og‘dirib, Parij fond birjasidagi o‘zgarish haqida maxfiy xabar jo‘natish imkoniga ega bo‘lishdi.
Eng qizig‘i, uddaburo aka-uka jinoiy jazodan qutilib qolishdi, chunki o‘sha payt Fransiyada minoradan shaxsiy xabar uzatishda foydalanishni taqiqlovchi qonun yo‘q edi. Hamtovoq aloqachilar esa pora olganlikda ayblanib, jazolanishdi.
Video oqimi davri qanday yakunlandi?
“Pixelon” kompaniyasiga 1998 yil tadbirkor Maykl Fenn asos solgan. O‘shanda tezkor internet haqida faqat orzu qilish mumkin edi. Hatto, eng sifatsiz videoni yukla ham bir necha daqiqa vaqt olardi.
Shunda Fenn har bir xonadonga yuqori sifatli video oqimini va’da qildi. Dohiyona loyihani hayotga joriy qilish uchun u muhandislar guruhi shakllantirib, tadbirkor investorlarni mablag‘ jalb qilishga ko‘ndirdi. Korchalonlar g‘oyada ulkan salohiyat ko‘rib, darrov sarmoya kirita qoldi.
Maykl Fenn 30 million dollarni yig‘ib olgach, Las-Vegasda yulduzlarni taklif etib, “Pixelon” faoliyati boshlangani munosabati bilan yirik bazm kechasi uyushtirdi. Kompaniya imkoniyatini namoyish qilish uchun tadbir to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya qilib borilishi kerak edi. Afsuski, tomoshabinlar ekranda hech narsa ko‘ra olishmadi. Voqealar bunday rivojlangach, ko‘plab investorlar kompaniya texnologiyalari haqida batafsil ma’lumot olishni istab qolishdi.
Xuddi shu joyda ularni “kutilmagan sovg‘a” qarshi oldi. “Pixelon” asoschisi Maykl Fenn, aslida, bir necha yildan buyon qimmatli qog‘oz bilan tovlamachilik qilib, qidiruvga berilgan mashhur firibgar Devid Kim Stenli bo‘lib chiqdi.
Qon tahlilining inqilobiy usuli
2003 yil Elizabet Xolms “Theranos” xususiy korxonasini ochdi. Ushbu startap qon tahlili bo‘yicha ilmiy inqilob yasashi lozim edi. Kompaniya mijozlarga patentlangan qon tahlili texnologiyasidan foydalanib, bir necha daqiqada xulosa chiqarib berishni va’da qildi. Buning uchun maxsus “nanokonteyner” solingan bir tomchi qon yetarli ekani ta’kilandi.
Amalda bunday tahlilning iloji bo‘lmaganini aytib o‘tirish shart emasdir. Xullas, Xolms va uning jamoasi ko‘p yil davomida investorlar qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirib yurishdi. Ular test natijasini qalbakilashtirib, tushunib bo‘lmaydigan, va’da qilinganidek ishlay olmaydigan allaqanday qurilmalar ishlab chiqarishdi. Qon topshirib, uskuna samarali ekaniga ishon hosil qilmoqchi bo‘lgan “sinovchilar” esa tijoriy sir bahonasida tahlil payti laboratoriyadan tashqariga chiqarib quyilardi.
2015 yil matbuot va sug‘urtachilar “Theranos” faaoliyati bilan jiddiy shug‘ullana boshladi. Uch yildan so‘ng bosh direktor Elizabet Xolms va kompaniya prezidenti Ramesh Balvaniga firibgarlik bilan bog‘liq ayblov e’lon qilindi va ular 2022 yil mos ravishda 11 va 13 yilga qamaldi.
Qilmish qidirmish xorvatiyaliklar
Raqamli sovg‘a kartasi sohasida mislsiz muvaffaqiyatga erishishni va’da qilgan “Bouxtie” kompaniyasi bilan tanishamiz.
Mazkur loyiha bir vaqtlar ulkan va’dalari bilan Amerika bozorini ostin-ustun qilib yuborgandi. 2017 yil korxona asoschisi, xorvatiyalik tadbirkor Renato Librich kompaniyasini 150 million dollar berib sotib olishga tayyor yirik korporatsiyalar borligiga ishontira oldi. Afsonani kuchida saqlab qolish uchun Librich bo‘lajak xaridorlar va o‘z kompaniyasi direktorlar kengashi a’zolarining imzolari, bank ko‘chirmalari va cheklarini soxtalashtirdi. Oxir-oqibat u investorlarni mablag‘ jalb qilishga ko‘ndirdi va qisqa fursatda kompaniya hisobida 1,5 milliard dollar to‘plandi. Librich vaqtni bekorga sarf qilmay, shu zahotiyoq 130 million dollarni shaxsiy hisobiga o‘tkazishga ulgurdi. Bir yil o‘tgach, federal sudyalar uni firibgarlikda ayblab, hibsga oldi. Renato Librichga uch yillik qamoq jazosi tayinlanib, jabrlanuvchilarga 1,5 milliard dollardan ortiq tovon to‘lash majburiyati yuklandi.
Internet materiallari asosida Saidmurod Rahimov tayyorladi.
O‘zA