Nukus shahri “Qutli makon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi “Hunarmand” birlashmasi a’zolari Salamat Allamberganov va Go‘zal Gubenovalar xonadonida “Oila keramik” kulolchilik ustaxonasi hamda uy- muzey tashkil etildi.

Ochilish marosimida Ӯzbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi hamda “Hunarmand” birlashmasi vakillari, hunarmand yoshlar hamda xorijiy sayyohlar ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston kulolchilik san’atining eng boy merosini saqlab qolgan maskan hisoblanadi. Mamlakatimizda qadimdan har vohaning hunarmandchilik markazlari shakllanib, o‘ziga xos mahalliy xususiyatlarini saqlagan. Ularda hozirgi vaqtda sopol idishlari va uy-ro‘zg‘or buyumlari ishlab chiqarilmoqda. Bugungi kunda badiiy kulolchilik san’ati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, uning yanada rivoj olishi uchun qulay sharoit yaratilmoqda.  Jahon hunarmandchilik kengashining 2019 yil 23 iyuldagi qaroriga ko‘ra, Qo‘qon shahriga yog‘och o‘ymakorligi bo‘yicha Hunarmandchilik shahri maqomi berilishi yurtimizda hunarmandchilik qadimdan boy an’analar asosida rivojlanib kelayotganini ko‘rsatadi.  Ayniqsa, sohaga yoshlarning qiziqishi diqqatga sazovordir.

Iqtidorli yoshlar – Salamat Allambergenov va uning turmush o‘rtog‘i Go‘zal Gubenova Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Turizm boshqarmasi qo‘llab-quvvatlashi bilan kulolchilik ustaxonasi hamda uy- muzey tashkil etdi.

Qoraqalpog‘istonda kulolchilik san’atini rivojlantirishni maqsad qilgan yosh oila a’zolari bir necha marotaba tanlovlarda ishtirok etib, g‘olib bo‘lgan. Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti san’at fakulteti hamda K.Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida tahsil olgan bu ikkala kulol 2023 yili may oyida Farg‘ona viloyatida bo‘lib o‘tgan  “Kulollar sayli” milliy kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazma-savdosida, Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan Xalqaro hunarmandchilik festivali va unga uyg‘un holda Rishton tumanida bo‘lib o‘tgan Xalqaro kulolchilik forumida qoraqalpoq milliy kulolchilik buyumlari bilan ishtirok etdi.

– Bugungi kunda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda kulolchilik san’atini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Salamat Allambergenov. – Kelajakda qoraqalpoq kulolchilik maktabiga asos solib, aholini, shuningdek, xorijiy sayyohlarni mahalliy kulolchilik buyumlari bilan ta’mishlash, ularni eksportga chiqarish, sohaga qiziquvchan yoshlarning bandligini ta’minlashni maqsad qilganman. Buning uchun barcha sharoit yaratilgan.

Tadbir ishtirokchilari kulolchilik ustaxonasi faoliyati va uy- muzey eksponatlari bilan tanishdi. Ular yoshlarda va xorijiy mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari