Toshkent Fotosuratlar uyida Stella Polare taxallusi bilan ijod qilib kelayotgan Hulkar Yunusovaning “Recycle” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.
H.Yunusova ayni paytda Fransiyada yashab ijod qiladi. Asli kasbi iqtisodchi. U Fransiyada 7 yil dorishunoslik sanoatida ishladi. Ijodkor Fransiya, Rossiyaning qator shaharlarida o‘zining shaxsiy ko‘rgazmalarini namoyish etib kelmoqda.
Uning navbatdagi “Recycle” (qayta ishlash) nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ekologik muammolarni bartaraf etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Tashlandilardan turli buyumlar yasash orqali “birinchi hayoti so‘ngan” narsalarni “jonlantirish” mumkinligini isbotlaydi.
H.Yunusova asarlarida narsa buyumlarning evrilishi, ularni qayta ishlash orqali ikkinchi hayotga qaytarish mumkinligini o‘z falsafasi orqali rang-tasvirlarda, buyumlarda isbotlashga harakat qiladi. Uning ijodi tomoshabinlarni chuqur mushohadaga chorlash bilan birga, estetik zavq bag‘ishlaydi.