Shu kunlarda Jahon bojxona tashkilotining Bryusseldagi bosh qarorgohida o‘tkazilayotgan sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi Markaziy bojxona laboratoriyasi xodimlari ham ishtirok etmoqda.

Sessiya kun tartibida O‘zbekiston bojxonachilarining tashabbusi bilan tarixda ilk marotaba Tovarlarni tavsiflash va kodlashning xalqaro uyg‘unlashtirilgan tizimiga yangi tovar kodi «Energetik» ichimliklarga alohida yangi TIF TN kod raqami ajratilishi bo‘yicha taklifi ham ko‘rib chiqilmoqda.

Hozirga qadar Uyg‘unlashgan tizimga o‘zgartirishilar kiritish yuzasidan takliflar asosan AQSH, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Xitoy, Rossiya, Kanada, Janubiy Koreya, Yaponiya kabi davlatlardan ilgari surilgan bo‘lsa, endi O‘zbekiston ham ushbu ro‘yxatdan joy olmoqda. Bu Yangi O‘zbekistonning bojxona xizmati faoliyati rivojlangan davlatlar darajasiga ko‘tarilayotganidan dalolatdir.

Sessiya 31 mayga qadar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, «Tovarlarni tavsiflash va kodlashning uyg‘unlashtirilgan tizimi to‘g‘risida» gi xalqaro konvensiya 1983 yil 14 iyunda Bryusselda qabul qilingan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi mazkur xalqaro konvensiyaga 1998 yil 29 avgustda qo‘shilgan.

 

O‘zA