30 iyun –Yoshlar kuni munosabati bilan O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda “Faxriylar tajribasi –yoshlarga o‘rnak” shiori ostida “Uch avlod uchrashuvi”ni o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yosh avlodni tarbiyalashda “ustoz-shogird” an’anasiga amal qilish, ustozlarni ulug‘lash, ularning orttirgan tajribalaridan unumli foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Inson qadri ulug‘lanayotgan yurtda bunday uchrashuvlar talaba-yoshlarni tafakkur qilishga, yurt istiqboli uchun mas’uliyatli bo‘lishga undaydi. Bunyodkorlik ishlariga tomoshabin emas, kamarbasta bo‘lish, yurtimiz taraqqiyotiga daxldorlik bilan yashash esa yoshlarning burchidir.
Uchrashuvni o‘tkazishdan maqsad yoshlarning ona vatanga, adabiyotga bo‘lgan mehrini yanada oshirish, ustozlarimiz bosib o‘tgan hayot yo‘llarini keyingi avlodga namuna qilib ko‘rsatishdir.
– Ko‘tarinki kayfiyat, nuroniylar bilan bo‘lgan muloqot yoshlarga ko‘p narsa beradi. O‘zim ham qalam tebratib turaman, – deydi yosh ijodkordan biri Allayar Darmenov. – Bunday uchrashuvlar yoshlar yanada izlanishi uchun kuch-quvvat beradi.
Yoshlar bilan muloqot davomida ustozlar va yosh ijodkorlar o‘zlarining qalamiga mansub she’rlaridan o‘qidi. Faxriy ustozlarga partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri