1996 yil 21-22 noyabr kunlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida birinchi Jahon televideniye forumi o‘tkazildi. Anjumanda yer yuzining yetakchi OAV vakillari o‘zgaruvchan dunyoda televideniyening ahamiyati ortib borayotganini e’tirof etib, ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash yo‘llarini muhokama qilishdi. Shu tariqa BMT Bosh Assambleyasi forum boshlangan sanani muntazam nishonlash maqsadida 21 noyabrni Jahon televideniye kuni, deb e’lon qildi.
Televideniyening turli muhim masalalar, jumladan iqtisodiy-ijtimoiy muammolar, qolaversa tinchlik, xavfsizlik, mojaro va tahdidlarga global tarzda e’tibor qaratish orqali qaror qabul qilish jarayoniga ta’siri kuchayib borayotgan, kundalik hayotdagi salohiyati ortib borayotgan bir paytda buayni muddao edi.
BMT ta’kidlashicha, Jahon televideniye kuni masalaning texnik jihatiga emas, balki oynai jahon turmushimizga kiritadigan falsafaga e’tibor qaratadi. Zero, bugungi dunyoda televideniye aloqa va globallashuv ramzi hisoblanadi.
Umuman, televizor tarixi taxminan bir asr oldingi davrga borib taqaladi. Muayyan masofaga tasvirni uzatish va qabul qilish bo‘yicha ilk tajribalar o‘tgan asr 20-yillari boshida AQSH, Yaponiya va sobiq Sovet Ittifoqida elektron nurdan foydalangan holda o‘tkazilgan. 1933 yil Rossiya-Amerika muhandisi Vladimir Zvorikin hamon ayrim televizorlar uchun asosiy ehtiyot qism vazifasini o‘tayotgan katod naychasini ixtiro qildi. Uning kashfiyoti tufayli Buyuk Britaniya va Germaniyada 1936, AQSHda 1941 yildan muntazam ko‘rsatuvlar efirga uzatila boshlandi. XX asrning 50-yillarida esa Yevropada televideniye mahsuloti keng tarqaldi. Keyinchalik, 60-70-yillari ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda davlat va xususiy telekompaniyalar paydo bo‘ldi.
Bugungi kunda ham televideniye jamoatchilik fikrini shakllantirish, yo‘naltirish, boshqarish va nazorat qilishning muhim vositasi sifatida e’tirof etiladi.
Muharrama Pirmatova tayyorladi.
O‘zA