Joriy haftada mamlakatimizdagi 110-220-500 kilovolt kuchlanishli elektr tarmoqlarini nazorat ko‘rigidan o‘tkazish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Bu haqda AOKAda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ elektr tarmoqlaridan foydalanish bosh boshqarmasi muhandisi Mahfuza Suvonova ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Brifingda ta’kidlanishicha, Yangi yil bayrami munosabati bilan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan 24 soatlik navbatchilik rejimi joriy etilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi magistral elektr tarmoqlari filiallarida uzunligi 12 ming 500 kilometr bo‘lgan elektr uzatish tarmog‘i hamda 30 000 megavolt-amperlik quvvatga ega 90 ta yuqori kuchlanishli podstansiyada uzluksiz faoliyat ta’minlangan.
Dam olish kunlari davomida avariyaviy holatlar yoki favqulodda o‘chishlar qayd etilmadi. 629 nafar mutaxassisdan iborat 65 ta navbatchi guruh elektr tarmoqlari va podstansiyalardagi barcha ehtimoliy nosozliklarning oldini olishga tayyor turdi. Ular zarur texnik vositalar, ehtiyot qismlar va aloqa uskunalari bilan to‘liq ta’minlangan.
Bugungi kunda ham elektr energiyasini barqaror va uzluksiz yetkazib berish maqsadida 24 soatlik ish tartibida tizimli ishlar olib borilmoqda. Ayni paytda magistral elektr tarmoqlarining metall konstruksiyali tayanch ustunlari mustahkamlanmoqda, shikastlangan elementlar almashtirilmoqda, teplovizor uskunalari yordamida kontakt birikmalar ko‘rigi o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ elektr energiyasini magistral liniyalar orqali taqsimlovchi tarmoqlarga yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA