Er-yigit uchun va’da nima? Matonatli aka-ukalarimiz uchun va’da eng avvalo, oriyat, diyonat, hamiyat, nomus va sharaf, demakdir.
O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan Milliy Gvardiya, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda “Renessans” telekanali hamkorligida “Liger Cinema” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan “Va’da” nomli ko‘p qismli serialning maxsus premerasi bo‘lib o‘tdi.
Namoyishda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining tarbiyaviy ishlar, kadrlar va yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sarvar Mamayusupov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, Kinematografiya agentligi matbuot kotibi Sayfullo Rajabov, kinoijodkorlar, yurtdoshlarimiz hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Premera avvalida mazkur kartinaning ahamiyati, g‘oyasi haqida batafsil so‘z yuritildi.
Milliy Gvardiya qo‘mondonligi rahbariyati tomonidan hamkor tashkilotlar hamda kinoijodkorlar uchun maxsus esdalik sovg‘alari topshirildi.
Serial yoshlarning harbiy ta’lim olish jarayonini, intizom va mas’uliyatni his etishni o‘rganish, jamoada ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish kabi muhim jihatlarni aks ettiradi. Shuningdek, filmda do‘stlik, sadoqat, jasorat va vatanparvarlik kabi olijanob qadriyatlar ulug‘lanadi.
Serialda Mehriddin Rahmatov, Anvar Azimov, Dilmurod Masaidov, Rahmatilla Valiyev, Jamshid Itolmasov, Mehridilbonu Ergasheva, Sevinch Siddiqova kabi mahoratli ijodkorlar suratga tushgan.
Ssenariy mualliflari– Bobur Yo‘ldoshev va Sanjar Mamanazarov, rejissyorlar – Bobur Sher o‘g‘li hamda Jamshid Narziqulov.
Aytish kerakki, serial 60 qismdan iborat bo‘lib, shu yilning 14 yanvar sanasidan boshlab yurtdoshlarimiz ushbu kartinani “Renessans” telekanali orqali tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri