Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida tashkil etilgan “Yosh jurnalistlar” klubi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi bilan hamkorlikda faoliyat yuritib kelmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan dasturda ommaviy axborot vositalari vakillarining ijodiy faoliyatini, yubiley yoshini nishonlayotgan ustoz jurnalistlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bilan birga “Yosh jurnalistlar” to‘garaklarini yo‘lga qo‘yish, yoshlarga jurnalistika sir-asrorlarini o‘rgatib kelayotgan soha faollarini rag‘batlantirib borish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Ana shu vazifalardan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi tomonidan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Yosh jurnalistlar” to‘garagi tashkil etilgan.

Joriy yilning fevral oyida Qoraqalpoq davlat universitetida tashkil etilgan “Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda voqelikni xolis yoritish: bugungi holat, tahlil, taklif va tavsiyalar” mavzusidagi mintaqaviy konferensiya doirasida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov, “Yangi media ta’lim markazi” direktori Beruniy Alimov ushbu to‘garak yoshlari bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida mamlakatimizda yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratish, “Ustoz-shogird” an’anasi, ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda axborot tarqatish mas’uliyati xususida so‘z yuritildi.

3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni munosabati bilan uch avlod uchrashuvi o‘tkazildi.  Uchrashuv doirasida “Yosh jurnalist-2024“ tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda klub faoliyatida bir yil davomida faol ishtirok etgan talaba-yoshlar “Eng yaxshi matbuot materiali”, “Eng yaxshi radio materiali”, “Eng yaxshi televideniye materiali”, “Eng yaxshi she’r”  “Eng yaxshi hikoya”, “Eng yaxshi internet materiali” nominatsiyalari bo‘yicha rag‘batlantirildi.

–Har xaftada taniqli jurnalistlar ishtirokida o‘tkazilayotgan seminar hamda mahorat darslarining mavzulari turlicha,–deydi “Yosh jurnalistlar” klubi rahbari, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Ziyada Qojiqbayeva. –Xususan, “Jurnalist Atajan Xalmuratov ijodiga shtrixlar”, “Jadid matbuoti tarixi”, “Bolalar jurnalistikasi va Darixa Ubbiniyazovaning jurnalistik faoliyati”, “Radiojurnalistikanang o‘ziga xos xususiyatlari”, “Televideniyeda axborot dasturlari tayyorlash texnologiyasi”. “Fotojurnalistikada reportaj tayyorlash sirlari”, “Jurnalist Sharap Usnatdinovning mahorat maktabi”, “Deputat Nazira Matyakubova bilan uchrashuv”, “Internetda feyk xabarlarni qanday aniqlaymiz?”, “Maqola qanday yoziladi?” va  boshqa mavzulardagi tadbirlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

“Yosh jurnalistlar” klubining sobiq a’zolari bugungi kunda nafaqat Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ommaviy axborot vositalarida, balki “Sevimli”, “Renessans”, “MY5” telekanallarida ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular shiddat bilan taraqqiyot topayotgan Yangi O‘zbekistonda, shu jumladan, Yangi Qoraqalpog‘istonda yangi g‘oya hamda intilishlar bilan yangiliklar yaratishga harakat qilmoqda. Ularning klubda olgan tajribasi o‘z faoliyatlari davomida asqatayotganligi ustozlar uchun g‘ururdir.

Klub a’zolari 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bayramiga katta tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bayram munosabati bilan turli tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri