Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanidagi “Guldursin ziyosi” fermer xo‘jaligida g‘alladan bo‘shagan yer maydonlariga takroriy ekinlar ekish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.
Tadbirda qishloq xo‘jaligi bo‘limlari mas’ul rahbarlari, fermer xo‘jaliklari boshliqlari ishtirok qildi.
Seminar davomida g‘alladan bo‘shagan 3 ming 240 gektar maydonga takroriy ekiladigan qishloq xo‘jaligi ekinlari fermer xo‘jaliklari va sektorlar bo‘yicha joylashtirilib, shundan 407 gektar sabzavot, 100 gektar poliz, 150 gektar moyli ekinlar, 1500 gektar dukkakli don ekinlari, 513 gektar ozuqa va 30 gektar tariq va boshqa takroriy ekinlar ekish bo‘yicha aniq hisob-kitoblar ishlab chiqilgan.
O‘rim yakunlangan maydonlarda tez va qisqa muddatlarda ekin ekish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Bo‘shagan yer maydonlari asosan “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turadigan va ishsiz aholi vakillariga berilishi qayd etildi.
Seminar davomida qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan mahsulotlar yarmarkasi ham tashkil qilindi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri