Telegram ijtimoiy tarmog‘ining “GENERALISSIMUS” kanali orqali Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudi sudyasi tergov organi tomonidan qo‘yilgan ayblovlarni asossiz olib tashlab, hukm chiqargani to‘g‘risidagi post bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi.

Unda qayd etilishicha, mazkur jinoyat ishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan Nukus shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi profilaktika inspektori M.A.ga nisbatan JKning 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan qo‘zg‘atilgan.

Tergovda to‘plangan dalillarga ko‘ra, profilaktika inspektori M.A. o‘ziga biriktirilgan mahallada istiqomat qiluvchi keksa yoshdagi O.Ye.ning yaqin qarindoshlari yo‘qligi va aqli norasoligidan foydalanib, uning mulklarini qo‘lga kiritish maqsadida go‘yoki O. Ye. jamoat joylarida yurish-turish qoidalarini buzib yurganligi to‘g‘risida 1-son ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasi rahbariga bildirishnoma yozib, uni majburan shifoxonaga joylashtirib, uyidan chiqarib yuborishga va ozodligini cheklashga erishgan.

So‘ngra, u O.Ye.ga qarashli turar joyga egalik huquqini tasdiqlovchi orderni soxtalashtirish orqali kadastr idorasi xodimi Ch.S. ko‘magida qalbaki kadastr hujjatlarini tayyorlab, turarjoyni o‘zining nomiga rasmiylashtirgan. Profilaktika inspektori M.A. jinoyatlarini yashirish maqsadida turarjoyni turmush o‘rtog‘i O.D.ga hadya shartnomasi orqali qayta rasmiylashtirib, O.Ye. ning juda ko‘p miqdordagi mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilgan. Shuningdek, profilaktika inspektori jabrlanuvchi O.Ye. ning ojizligidan foydalangan holda qo‘lga kiritgan bank plastik kartasidagi pul mablag‘larini o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

Bundan tashqari, inspektor O.Ye.ning bankdagi omonat hisob-raqamida saqlanayotgan juda ko‘p miqdordagi pullarini bank xodimlarini go‘yoki egasiga berish uchun olayotganligiga ishontirib, qo‘lga kiritishga erishgan. M.A. yuqoridagi jinoiy harakatlari natijasida qo‘lga kiritgan O.Ye. ning juda ko‘p miqdordagi omonat pullariga opasining nomiga “Lacetti” rusumli avtomashina xarid qilib, jinoiy daromadlarini legallashtirgan.

Tergov natijasiga ko‘ra, profilaktika inspektori M.A. ga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 2-qismi “a” bandi, 228-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari, 228-moddasi 3-qismi, 169-moddasi 4-qismi “a” bandi, 243-moddalari hamda kadastr idorasi xodimi Ch.S.ga JKning 228-moddasi 2-qismi “a” bandi, 228-moddasi 3-qismi va 28,169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan ayb e’lon qilinib, jinoyat ishi sud muhokamasiga yuborilgan.

Biroq Nukus shahar sudi sudyasi 2024 yil 7 iyundagi hukmiga asosan tergov organi tomonidan M.A.ga JKning 169, 228, 243-moddalari bilan qo‘yilgan ayblovlarni asossiz ravishda olib tashlab, uni JKning 206-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybli deb topib, 2 yil muddatga muayyan huquqdan mahrum qilgan holda, 2 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlagan. Xuddi shunday, kadastr idorasi xodimi Ch.S.ning ayblovidan JKning 228-moddasi 3-qismi va 28,169-moddasi 4-qismi “a” bandi olib tashlanib, JKning 228-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilgan.

Bundan tashqari, sud hukmi bilan tergovda jabrlanuvchi O.Ye.ning soxta hujjatlar asosida begonalashtirilgan turarjoyi talon-toroj etilishi oqibatida yetkazilgan zararni qoplash maqsadida undirilgan 180 million 50,7 ming so‘m pulni sudlanuvchiga qaytarib berish belgilangan.

Prokuratura organlari tomonidan apellyatsiya muddatida ish hujjatlari o‘rganilib, mazkur sud hukmi ro‘yi-rost asossiz, adolatsiz va noqonuniy deb topilib, sud qarorini bekor qilish haqida protest keltirildi.

Ish apellyatsiya instansiyada ko‘rilishida malakali prokuror ishtiroki ta’minlanadi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri