To‘rtko‘l tumanida navbatdagi bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi.

2024 yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” hamda “Yoshlar oyligi” munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda so‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun qabul qilingan farmon va qarorlar ijrosi natijasida sodir bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar, fuqarolarning bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirdi.

Yarmarkada ishsiz fuqarolar tumandagi korxona va tashkilotlarda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishib, 13 nafari ishga joylashishga yo‘llanma olishdi.  Ishtirokchilar xususiy sektorda mavjud ish o‘rinlari va hunarmandlar tomonidan tayyorlangan ijod namunalari bilan tanishishdi hamda o‘z tadbirkorliklarini boshlashlari uchun zarur tavsiyalarga ega bo‘lishdi.

Tadbir doirasida “Ustoz-shogird” an’anasiga ko‘ra chevarlik sir-asrorlarini o‘rgangan hamda ““Dinur-Jobs” o‘quv markazida kurslarni tugatgan yoshlarga sertifikatlar berildi. Shuningdek, aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘i hisobidan 3 nafar ishsiz fuqaroga gaz plitasi, 1 nafariga kompyuter jamlanmasi hamda 5 nafariga tikuv mashinasi subsidiya tarzida topshirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri