O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 3 avgust kungi “2023 – 2026 yillarda uzumchilik va vinochilik sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani uzumchilikka ixtisoslashtirildi.
Bugungi kunda tumanda yangi istiqbolli sanoatbop uzum navlarini ko‘paytirish va yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, mahsulotlar eksporti hajmini oshirish bo‘yicha bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tumanda 682 gektar maydonda uzumzor mavjud bo‘lib, yil yakuniga qadar ushbu maydonlardan 2000 tonna uzum yetishtirish reja qilingan. Ayni kunlarda hosilni yig‘ish ishlari amalga oshirilmoqda.
“Ellikqal’a” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Otaxon Reymov” bog‘dorchilik fermer xo‘jaligining umumiy maydoni 7,5 gektar bo‘lib, shundan, 2,5 gektarini uzum bog‘i tashkil qiladi. Aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida fermer xo‘jaligida 50 tonna sig‘imga ega muzlatgichli omborxona tashkil qilindi.
Tumanda bugungi kunda jami 629 gektar maydonda mevali bog‘ mavjud bo‘lib, yil yakuniga qadar ushbu maydonlardan 5 ming 380 tonna meva olish reja qilingan. 2023 yilda jami 1,5 million dollarlik meva-sabzavot mahsuloti eksport qilingan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkichni 2 barobarga yetkazib, yil yakuniga qadar 3 million dollarlik meva-sabzavot mahsuloti eksport qilinishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan bir qatorda tumanda g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin sifatida 512 gektar maydonga sabzavot, 203 gektar poliz, 1 ming 500 gektar mosh, 150 gektar maydonda moyli ekin ekilgan bo‘lib, bugungi kunda ushbu ekinlarni parvarishlash ishlari olib borilmoqda. Yetishtirilgan mahsulotlarni asosiy qismini eksportga chiqarish bo‘yicha Rossiya hamda Qozog‘iston davlatlari bilan eksportyor korxonalar o‘rtasida shartnomalar imzolandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.