2025 yilda sog‘liqni saqlash tizimi yangilanishlarga boy bo‘lishi kutilmoqda. SSV matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, sohani transformatsiya qilish jarayonida quyidagi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilishi rejalashtirilgan.
Avvalo, kasalliklar profilaktikasi va erta tashxis bo‘yicha takomillashtirilgan dasturlar amalga oshiriladi, yangi turdagi ommaviy skrining tekshiruvlari yo‘lga qo‘yiladi.
Tuman (shahar) shifoxonalarida yangi 220 ta diagnostika va 488 ta davolash usuli tatbiq etiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Samarqand, Buxoro, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy qilinadi. 2026 yilda esa ushbu yangilik Surxondaryo, Farg‘ona, Andijon, Toshkent, Namangan hamda Jizzax viloyatlarida tatbiq qilinadi.
Ushbu hududlarda davlat tomonidan aholiga bepul ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar va dori vositalari kafolatlangan paketi joriy etiladi, eng ko‘p uchraydigan kasalliklar bo‘yicha dori vositalari elektron retsept asosida dorixonalar orqali bepul beriladi.
Tibbiyotda natijaga asoslangan moliyalashtirish usullari tatbiq etiladi. Kafolatlangan tibbiy xizmatlar byudjet hisobidan amalga oshiriladi, aholidan qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.
Shuningdek, barcha darajadagi tibbiy ta’lim tizimini to‘liq transformatsiya qilish, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari klinikalari faoliyatini takomillashtirish orqali “ilm-fan–ta’lim–malaka oshirish–amaliyot” integratsiyasini ta’minlash, bilim va kasbiy malakani baholash tizimini xalqaro standartlar darajasida tashkil qilish bo‘yicha islohotlar boshlanadi.
O‘ttiz ming nafar mutaxassis Toshkentdagi tibbiyot markazlarida, ming nafari xorijdagi nufuzli klinikalarda o‘z kasbiy mahoratini oshiradi.
Turkiyalik mutaxassislar tomonidan birlamchi bo‘g‘in tibbiyot xodimlarining malaka oshirish dasturi takomillashtiriladi.
2025 yilda yana 7 ta ixtisoslashtirilgan markaz va 2 ta oliy ta’lim muassasasi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 30 ta sanitariya qoidalari va me’yorlari yangilanadi.
Shuningdek, yuqori texnologik jarrohlik yordami ko‘rsatish sifatini yanada oshirish maqsadida ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari tomonidan tegishli tuman(shahar)lar namunaviy hamda ilg‘or hududlarga aylantiriladi.
2025 yilda sog‘liqni saqlash sohasiga 41 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Buning hisobidan yangi shifoxonalar tashkil etish va jihozlash, mavjud quvvatlarni kengaytirish, tibbiy ko‘rik qamrovini kengaytirish rejalashtirilgan.
M.Qosimova, O‘zA