Bayram tuhfasi

Amudaryo tumani Oybek mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “XUSNIYA” nodavlat ta’lim tashkiloti binosi foydalanishga topshirildi.

Ochilish marosimida mutasaddilar, nuroniylar, maktabgacha ta’lim tashkiloti jamoasi a’zolari ishtirok etib, yig‘ilganlarni Yangi yil bayrami va ta’lim tashkiloti binosi foydalanishga topshirilishi bilan muborakbod etdi. Qurilish ishlariga 3 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, tarbiyalanuvchilar uchun barcha qulayliklarga ega 120 o‘ringa mo‘ljallangan bino qad rostladi.

Ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi

Shumanay tumani “Qoraboyli” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisining  ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi.

Hududdagi suv tozalash inshootini rekonstruksiya qilish hamda ichimlik suvi tarmog‘ini yangidan qurish maqsadida davlatimiz rahbarining 2023 yil 25 dekabrdagi “2024 – 2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida  2,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan edi. Bugungi kunda qurilish ishlari yakuniga yetkazildi va foydalanishga topshirildi. Natijada, hududda yashovchi fuqarolarning ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi.

“Yosh matematiklar” bellashdi

Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida mental arifmetika bo‘yicha olimpiadaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi o‘tkazilib, unda shahar va tumanlardan jami 500 nafarga yaqin o‘quvchi-yosh ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus hamda 2022 yil 22 fevraldagi “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan mazkur olimpiada bolalarni raqobatbardoshlik, g‘alaba uchun kurash ruhida tarbiyalash bilan bir qatorda mantiqiy fikrlash, matematik misollarni har xil usullar yordamida yechishga o‘rgatishi bilan ahamiyatli.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan olimpiada g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimida harbiy okrug vakillari, markaz a’zolari, bolalar va ularning o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri