Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida viza tartibini liberallashtirish imkoniyati o‘rganilmoqda, dedi tuzilma Bosh kotibi Nurlan Yermekbayev “RIA Novosti”ga bergan intervyusida.
– Turizm biz uchun o‘ta muhim yo‘nalish bo‘lib, a’zo davlatlar hukumatlari o‘rtasida ushbu sohada hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi kelishuv doirasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi mulozim. – Ma’muriyat rahbarlarining o‘tgan yil mayda Olmaotada bo‘lib o‘tgan vazirlar darajasidagi yig‘ilishida 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilindi. Mazkur hujjat bandlaridan biri o‘zaro viza rejimini liberallashtirishni nazarda tutadi. Hozircha gap barcha a’zo davlatlar o‘rtasida vizani bekor qilish haqida emas, balki osonlashtirish haqida bormoqda. Zero, vizasiz tartib, odatda ikki tomonlama asosda kelishiladi. Bir necha davlat o‘rtasida vizasiz sayohat bo‘yicha kelishuv allaqachon mavjud. Ayrimlari yaqinda kuchga kirgan yoki rejalashtirilmoqda.
Masalan, 2025 yil 1 apreldan boshlab Rossiya va Hindiston hukumatlararo bitimi kuchga kiradi. Endi ikki mamlakat sayyohlik guruhlari o‘zaro vizasiz safar uyushtirishi mumkin. 2024 yil Eron 28, jumladan SHHTga a’zo bir necha mamlakat fuqarolari uchun viza olish majburiyatini bekor qildi.
Shuningdek, Bosh kotib aytishicha, Xitoy va Qozog‘iston ham vizasiz sayohat bo‘yicha kelishuvga erishgan. Yaqinda Qozog‘iston va Makao maxsus ma’muriy hududi o‘rtasida bitim kuchga kirdi, Xitoy va O‘zbekiston, Xitoy va Belarus o‘rtasida ham vizasiz rejim o‘rnatildi.
2001 yil tashkil etilgan xalqaro tashkilot – SHHT tarkibida O‘zbekiston, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Belarus, Tojikiston va Pokiston to‘laqonli faoliyat yuritadi. Afg‘oniston va Mo‘g‘uliston kuzatuvchi, Ozarbayjon, Armaniston, Bahrayn, Kamboja, Misr, Quvayt, Maldiv orollari, Myanma, Nepal, Qatar, Saudiya Arabistoni, BAA, Turkiya va Shri-Lanka esa hamkor davlat maqomiga ega.
S.Rahimov, O‘zA