Yangi 2025 yilning dastlabki kunlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani markaziga kiraverishda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi monumenti barpo etildi.

Mazkur monument ochilish tadbirida korxona va tashkilotlar rahbarlari, mahallalar raislari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ramzining asosini “Yangi O‘zbekiston” va “Uchinchi Renessans” timsoli sifatida “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi Mustaqillik monumenti siymosi  tashkil etadi. Ramzda aks etgan Mustaqillik monumenti mamlakatimiz tarixi, bugungi kuni va kelajakning o‘zaro uyg‘unligi ifodasi sifatida talqin etilsa, uning yuksaklikka bo‘ylashi negizida xalqimizning birligi va birdamligi, mamlakatimizning dunyo davlatlari bilan hamjihatligi, tinchliksevar siyosati mujassamlashgan. Shuningdek, yuqoriga intilgan chiziqlar dinamikasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishi va unda belgilangan 100 ta maqsadni to‘liq hamda muvaffaqiyatli amalga oshirish ezgu g‘oyasi mavjud.

Uning yuqori qismida baxt-saodat, hurriyat va tinchlik timsoli hisoblangan qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan. U qadim, uch ming yildan ziyod davlatchilik tajribasiga ega, shu bilan birga, navqiron, orzu-maqsadlari katta, qonida erksevarlik tuyg‘ulari jo‘sh urayotgan, mehnatsevar va oliyjanob xalqiga tayanadigan davlat timsoli sifatida gavdalangan. Humo qushga tutash ustunlar esa inson huquq va erkinliklari, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ta’lim va tarbiya, davlat va jamiyat muvozanatining ifodasi sifatida tasvirlangan.

Strategiya ramzida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasida qoida sifatida belgilangan “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyilining majoziy nishonasi sifatida uchburchak shakl elementidan foydalanilgan. U faol islohotlarni amalga oshirish davrida aholining barcha qatlamlarini muhofazalash, ular uchun teng imkoniyatlar yaratish, ayniqsa, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ishsizlikdan himoya qilish, kafolatlangan sifatli ta’lim, malakali tibbiy yordam doimo davlat oldidagi ustuvor vazifa ekanligining tamal toshidir.

Shuningdek, mazkur siymo mamlakatda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar inson qadri, uning farovon turmush kechirishiga qaratilayotganini aks ettirib, davlatning bebaho boyligi xalq ekanligini anglatadi.  Ushbu element xalqimizning tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalariga sadoqatli ekanligini namoyon qiladi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri