4 yanvar – Jahon Brayl alifbosi kuni

Keksalarimiz duo qilarkan, “To‘rt muchang sog‘ bo‘lsin!” deya ezgu niyat qilishadi. Bu bejiz emas, albatta. Sog‘liq bilan bog‘liq muammolar orasida, ayniqsa, ko‘rish qobiliyatini yo‘qotish anchayin qaltisligi bilan ajralib turadi. Afsuski, ayni dardga duchor bo‘lganlar ko‘plab hayotiy imkoniyat, qulayliklardan mahrum.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, sayyoramizdagi bir milliardga yaqin odamda ko‘rish qobiliyati muayyan darajada buzilgan. Yaqin yoki uzoqni ko‘ra olmaslik ko‘zoynak, kontakt-linza yoki jarrohlik amaliyoti yordamida tuzatilishi mumkin, ammo jiddiyroq yoki to‘liq ko‘rlik ba’zan mustaqillikni, o‘z hayoti nazoratini butunlay cheklashi ham mumkin.

Yanada bir tashvishli jihat: ko‘zi ojiz, zaif ko‘ruvchi odamlar ko‘pincha yakkalanib qoladi, tashqi yordamga muhtoj bo‘ladir, ta’lim olish va ish topishda to‘siqqa uchraydi. Bunday insonlarga yordam beradigan muhim vositalardan biri Brayl alifbosidir.

Brayl bo‘rtiq nuqtalarga asoslangan maxsus alifbo bo‘lib, ko‘zi ojiz insonlar savodini chiqarish uchun 1824 yil fransuz tiflopedagogi Lui Brayl tomonidan yaratilgan.

Barcha harf, raqam, musiqiy, matematik va ilmiy belgilarni ifodalaydigan olti nuqtadan iborat turli kombinatsiyalar yordamida ko‘zi ojiz kishi kitob va gazeta o‘qishi, yuridik hujjat, masalan saylov byulleteniga murojaat qilishi, turli manbalardan ma’lumot olishi va har qanday material bilan tanishishi mumkin.

BMT Bosh Assambleyasining 2006 yil 13 dekabrda qabul qilingan rezolyutsiyasida Brayl alifbosi ko‘z ojizlar va zaif ko‘ruvchilar uchun asosiy yozma muloqot vositasi ekani qayd etilgan.

Nogironlar huquqi to‘g‘risidagi konvensiyaning 2-moddasida Brayl alifbosi ko‘zi ojizlar uchun muloqot vositasi ekani, ularning ijtimoiy integratsiyasini ta’minlashga ko‘maklashishi hamda ta’lim olish, fikr bildirish erkinligi va axborot olish huquqini amalga oshirishi ta’kidlangan.

BMT BA 2018 yil qabul qilgan qarorga muvofiq, har yili 4 yanvarda Jahon Brayl alifbosi kuni nishonlanadi. Mazkur sana mavzuning ahamiyatini xalqaro miqyosda e’tirof etish, shu yozuvda o‘quv, ilmiy, siyosiy va badiiy adabiyotlar nashr qilishni qo‘llab-quvvatlash maqsadini ko‘zlaydi.

Ayni payt mamlakatimizda shu usulda turli nashrlar, jumladan huquqiy adabiyotlar chop etilmoqda. Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz tashabbusi bilan keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, BMTning Nogironlar huquqi to‘g‘risidagi konvensiyasi kabi muhim hujjatlar matni Brayl alifbosida ham nashr etilib, tegishli kutubxonalarga beg‘araz taqdim qilindi.

Demak, O‘zbekistonda ko‘rish, eshitish va nutq qobiliyatida nuqsoni bor shaxslar savodxonligini oshirish, ularning huquqi, erkinligi va qonuniy manfaatini himoya qilish, ayni yo‘nalishda ta’lim xizmati sifatini yaxshilash masalalari jamiyatimiz va davlatimizning doimiy e’tiborida.

Masalan, 2022 yil 20 oktyabrda qabul qilingan Prezidentning “O‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori Nogiron shaxslar huquqi to‘g‘risidagi qonun ijrosini ta’minlashga qaratilgan.

Qarorga ko‘ra, asosiy yo‘nalishlar etib quyidagilar belgilangan:

  • o‘zbek imo-ishora tilini yanada rivojlantirish, ushbu tilning huquqiy maqomini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirish, o‘zbek imo-ishora tilidan muloqot vositasi sifatida foydalanishni rag‘batlantirib borish;
  • o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosida o‘qitiladigan ta’lim dasturlariga qo‘yiladigan davlat talabini takomillashtirish;
  • o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosiga o‘qitishda zamonaviy axborot texnologiyalari, innovatsion vosita va usullarni keng qo‘llash;
  • ko‘rish, eshitish va nutq qobiliyatida nuqsoni bor shaxslarga televizion dastur, film, teatr va boshqa madaniy tadbirlar qulay shaklda bo‘lishi, jumladan surdo tarjimasi yoki tagmatn (subtitr) bilan namoyish etilishini ta’minlash;
  • ko‘rish, eshitish va nutq qobiliyatida nuqsoni bor shaxslarda ijtimoiy-mehnat ko‘nikmasini hosil qilish, ularning jamiyat bilan uyg‘unlashuviga ko‘maklashish.

2023 yil 1 yanvardan boshlab, muayyan talablardan kelib chiqqan holda, yurtimizdagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari hamda “Ishga marhamat” mono markazlarida tashkil etilgan o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosi o‘rgatiladigan maxsus o‘quv kurslarida ehtiyojmand shaxslar hamda ushbu toifadagi voyaga yetmagan bolalarning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bepul o‘qitilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari davlat telekanallarida haftalik efir vaqtining kamida besh foizi hajmida ko‘rsatuvlar surdo tarjimasi, yashirin tagmatn (subtitr) yoki “yugurik satr” bilan namoyish etilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davlat oliy ta’lim muassasalari magistratura mutaxassisliklari hamda oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklariga o‘qishga qabul qilishda ko‘rish, eshitish va nutq qobiliyatida nuqsoni bor shaxslar tomonidan xorijiy tilni bilish bo‘yicha milliy yoki shunga tenglashtirilgan xalqaro sertifikat talab etilmaydi. Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonida qatnashayotgan eshitishi va nutqida nuqsoni mavjud abituriyentlar majburiy tartibda surdo tarjimoni xizmati bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, bugungi kunda aholiga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan bino va inshootlarni nogironlarda ijtimoiy-mehnat ko‘nikmasini hosil qilish, ularning jamiyat bilan uyg‘unlashuviga ko‘maklashuvchi vositalar, jumladan Brayl alifbosidagi ma’lumotlar aks etgan stendlar, video lavhalar, foto suratlar, ma’lumotni bir vaqtning o‘zida matn ko‘rinishida taqdim etadigan video va audio materiallar hamda boshqa vositalar bilan ta’minlash majburiy hisoblanadi.

G‘ulom Mirzo, O‘zA