AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bugun Janubiy Koreya, Yaponiya va Fransiyaga rejalashtirilgan safarini boshlaydi. AQSH Davlat departamenti bayonotida bu uning vakolati doirasidagi yakuniy rasmiy sayohati bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingan.
Koreya Respublikasida Blinken Vashingtonning Seul bilan ittifoqqa sodiqligini, shuningdek Hind-Tinch okeani mintaqasidagi umumiy manfaat doirasida Tokio bilan uch tomonlama sa’y-harakatni davom ettirish imkoniyatini tasdiqlash maqsadida mamlakat rahbariyati bilan uchrashadi.
Yaponiyada ikki tomonlama, mintaqaviy va global kun tartibi, Fransiyada esa Yevropa va Yaqin Sharqdagi vaziyat muhokama etilishi kutilyapti.
20 yanvar kuni saylangan Prezident Donald Trampning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tadi. Tabiiyki, yangi rahbar yangi Davlat kotibini tayinlaydi.
Avvalroq ushbu lavozimga senator Marko Rubio nomzodi ilgari surilayotgani aytilgandi.