FOTOREPORTAJ
I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyida haykaltaroshlik san’atining yirik vakillaridan biri, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, Berdaq nomidagi davlat mukofoti sohibi Joldasbek Quttimuratovning 90 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etildi.
Ko‘rgazma ochilish marosimida taniqli rassomlar, san’atshunoslar, pedagoglar, talaba-yoshlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar ijodkorning umr yo‘li, haykaltaroshlik san’atini rivojlantirishdagi xizmatlari va yaratgan noyob asarlari to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Muzey ekspozitsiya zallarida haykaltaroshning “Kelin” (1965-1967), “Amudaryo” (1968), “Guldursin” (1983), “Suv shiviri” (1989), “Orzu” (1960) kabi mashhur asarlari namoyishga qo‘yilgan.
J. Quttimuratov ijodiga chuqur e’tibor qaratadigan bo‘lsak, uning asarlaridagi asosiy mavzu ayollar siymosini tasvirlashga qaratilganini anglaymiz. U qoraqalpoq ayollarining betakror go‘zalligini aks ettiruvchi obrazlarni o‘zining bir qancha asarlarida mujassam etgan.
“Amudaryo” haykali ijodkorning eng mashhur asarlaridan biri bo‘lib, unda afsonaviy daryo ayolning boshi shaklida aks ettirilgan. Haykaltarosh daraxtning ildizidan foydalanib, ayolning go‘zal, ma’suma yuzini tasvirlagan, uning yuqoriga ko‘tarilgan sochlari esa har qanday insonni chuqur fikrlashga undaydi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA