FOTOREPORTAJ

Jolliboy Izentayev nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatida tasviriy va amaliy san’atga qiziqishi baland o‘g‘il-qizlar tahsil oladi.

Ushbu ta’lim maskani 2016 yilda yangi zamonaviy binoga ega bo‘ldi. Hozirda bu yerda o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun barcha qulay sharoit yaratilgan. “Dastgohli rangtasvir rassomi”, “Teatr sahna bezagi rangtasvir rassomi”, “Liboslar dizayni”, “Badiiy kashtachilik usta rassomi”, “Badiiy kulolchilik usta rassomi”, “Badiiy yog‘och o‘ymakorligi usta rassomi” kabi mutaxassislik yo‘nalishlarida jami 300 dan ziyod o‘quvchi bilim va mahorat oshirmoqda.

Ta’lim maskanida taniqli rassomlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq rassomi, akademik Jolliboy Izentayev haykalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasidan ma’sul vakillar ishtirok etdi.

Tadbirda Jolliboy Izentayevning qoraqalpoq rangtasvir san’at maktabini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi xususida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, takrorlanmas iste’dod egasi bo‘lgan rassom Jolliboy Izentayev o‘z asarlarida ona Vatan, Orol dengizi, ko‘ngli pok va saxiy yurtdoshlarimiz obrazi, xalqimiz madaniyati va go‘zal tabiatining betakror ko‘rinishlarini tasvirlagan. Rassom 1983 yilda Berdaq nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat mukofoti, 1992 yili Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat arbobi, 1997 yili O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, shuningdek, 2000 yili O‘zbekiston xalq rassomi unvoni bilan taqdirlangan. Ijodkor asarlari nafaqat mamlakatimizda, balki Fransiya, Rossiya, Bolgariya, Germaniya, Sloveniya, Misr davlatlarida o‘tkazilgan nufuzli badiiy ko‘rgazmalarda ham namoyish etilgan.

Bugungi kunga kelib rassomning rangtasvir asarlari shaxsiy kolleksiyalarda, mamlakatimiz hamda Yevropa davlatlari muzey va galereyalarida saqlanib kelinmoqda.

Tadbir davomida ishtirokchilar maktab-internati o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan qiziqarli konsert dasturi namoyishi, shuningdek rangtasvir va amaliy hunarmandchilik ishlari ko‘rgazmasi bilan yaqindan tanishdi.

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA