Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahar bo‘limi ish yurituvida mavjud bo‘lgan Beruniy tumanlararo sudining 2024 yil 5 fevral kungi ijro varaqasiga asosan qarzdor “Amudaryotex” mas’uliyati cheklangan jamiyatdan undiruvchi aksiyadorlik-tijorat “Agrobank” foydasiga 43 milliard 544 million 607 ming 381 so‘m kredit qarz undirish belgilandi.
Ushbu ijro hujjati ijrosini ta’minlash maqsadida Majburiy ijro byurosi Nukus shahar bo‘limi tomonidan qarzdor mas’uliyati cheklangan jamiyatning asosiy bank hisob raqamiga elektron inkasso qo‘yildi va uning nomidagi jami 10 ta ko‘chmas mulkka ta’qib o‘rnatildi. Bo‘lim davlat ijrochilari tomonidan joriy yilning 19 sentyabr kuni olib borilgan majburiy ijro harakatlari natijasida qarzdordan jami 35 milliard 176 million 846 ming so‘m undirilishiga erishildi.
Hozirda qarzdorlikning qolgan qismini undirish choralari ko‘rilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.