–
Ispaniyaning “El país” gazetasida “Afsonaviy Ipak yo‘li bo‘ylab zamonlarosha sayohat” maqolasi e’lon qilindi.
Ispaniyalik jurnalist Nacho Meneses tomonidan yozilgan maqolada O‘zbekistonning turistik salohiyati, tarixiy shaharlari, betakror obidalari haqida so‘z borgan. Bundan tashqari, muallif mamlakatimizga qanday yetib kelish mumkinligi haqida ham atroflicha ma’lumot bergan.
Maqola “Ming yillik, afsonaviy va mo‘jizaviy Ipak Yo‘li asrlar davomida uzoq yo‘llarni birlashtirgan bo‘lib, unda Osiyo qit’asidan chiqqan karvonlar Yevropa va Afrika bozorlarigacha yetib borgan. O‘sha davrdagi karvonlar bosib o‘tgan yo‘llardan hech biri O‘zbekistonchalik qadimiyligini saqlab qolmagan. Ya’ni, Ipak Yo‘li bosqinchilar tomonidan buzilgan, tamomila o‘zgartirib yuborilgan. Mamlakatning zamonaviy poytaxti Toshkentdan ming yillik tarixga ega Samarqand, jumboqlarga to‘la Buxoro-yu Xiva, cho‘l gavhari Qizilqum bo‘ylab harakatlanar ekansan, go‘yoki “Ming bir kecha” afsonalari aro sayr qilganday his etasan”, degan so‘zlar bilan boshlangan.
Ma’lumki, bugungi kunda Ispaniya poytaxti Madrid shahridan Toshkentga charter reyslar yo‘lga qo‘yilgan. Bu yurtimizga xorijlik, jumladan, ispaniyalik sayyohlarning tashrifini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Nacho Meneses O‘zbekistondagi sayyohlik rivojlangan shaharlarga alohida ta’rif bergan.
Toshkent – tarix va bugun o‘rtasidagi shahar
Toshkent tarixi miloddan avvalgi V asrga borib taqaladi. Bu shahar XIII asrda Chingizxon hujumi oqibatida vayron bo‘ladi va XIV asrda millat qahramoni Amir Temur tomonidan qayta qurdiriladi. Bugungi kunda 2,3 million aholiga ega shahar tarixda Shosh, Choch nomlari bilan atalgan”.
Jurnalist Toshkent me’morchiligiga, tarixiylik va zamonaviylikning uyg‘unligiga alohida e’tibor qaratadi. “O‘zbekiston” mehmonxonasining noyob arxitekturasi, Mustaqillik maydoni, Motamsaro ona haykali, Ikkinchi jahon urushida shahid bo‘lgan o‘zbek o‘g‘lonlari ismlari bitilgan xotira daftarlari unda katta taassurot qoldirganini yozadi.
“Toshkentni kashf etar ekansan, uning metrosidan bahra olmay ilojing yo‘q, noyob arxitektura asosida qurilgan bekatlar, jumladan, Alisher Navoiy, Mustaqillik maydoni, Paxtakor va Kosmonavtlar ta’rifiga til ojiz”, deydi jurnalist.
Ko‘hna Samarqand shahriga “Mingyillik” deya ta’rif berilgan.
“Toshkentni ortda qoldirib, guruhimiz bilan dunyoning eng qadimiy shaharlaridan biri Samarqand sari yo‘l oldik. Bu shahar ikki ming yillik Buyuk Ipak Yo‘lining strategik nuqtalaridan hisoblangan. VIII asrda barpo etilgan Samarqand va uning tarixiy me’moriy, arxeologik yodgorliklari 2001 yilda “Samarqand – madaniyatlar chorrahasi” nomi bilan YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. U O‘rta Osiyoning asosiy shaharlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda tarixda nomi qolgan Aleksandr Makedonskiy, Chingizxon va albatta, Amir Temur hukmronlik qilgan. Aynan Amir Temur bu go‘zal shaharni 1370 yilda o‘z davlatining poytaxtiga aylantirgan”, deydi Meneses.
Maqolada, shuningdek, Registon maydoni, madrasalar, betakror me’morchilik san’ati, maydonda bo‘lib o‘tadigan turli tomoshalari, Shohi Zinda majmuasi, Bibi Xonim masjidi va maqbarasi, Konigil sayyohlik qishlog‘i, Samarqand qog‘ozi fabrikasi, Siyob bozori haqida atroflicha ma’lumot berilgan.
Buxoro – Butunjahon merosi
Buxoroga bejizga bunday ta’rif berganim yo‘q, –deydi Meneses. – Zero, bu yerda 2000 ga yaqin Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan obidalarni uchratishingiz mumkin. Uning eski shahar qismi, masjid va madrasalari, karvonsaroylari butun dunyo sayyohlarini o‘ziga jalb etishi tayin. Buxorodagi ilk tashrifimiz Poyi Kalonga bo‘ldi. Hozirgacha faoliyat olib borayotgan madrasa, u yerdagi masjid va minorani bir marotabada ko‘rib bo‘lmaydi. Bu yerga kunduzi aylanish, kechasi esa tomosha qilish uchun kelish kerak”, deb yozadi jurnalist.
Poyi Kalon haqida yozar ekan, Nacho Meneses uning tarixi, uzunligi, necha asrlar davomida bosqinlarga bergan “bardoshi” haqida hikoya qiladi. Shuningdek, maqolada Bolo Hovuz, Ark qal’asi, Chor Minor majmuasi, Labi Hovuz, uning yon atrofidagi bozorlar, eng lazzatli Buxoro kaboblari va palovi haqida ham yozilgan.
Maqolaning “Xiva – Qizilqum cho‘lining durdonasi” deb nomlangan qismida Qizilqumning flora va faunasi, Amudaryo va Sirdaryo oralig‘ida jilolanib turgan Xiva haqida so‘z boradi. Muallifning aytishicha, karvonlar Eronga kirishidan avval aynan Xivada to‘xtab o‘tgan. Bu makon yirik qul bozori, Ichan Qal’a majmuasi bilan nom qozongan.
26 gektar yerni egallagan Ichan Qal’aning 4 ta darvozasi, 8 ta masjid, 31 ta madrasa, 14 ta minora, 12 ta maqbara va 6 ta saroy haqida ham batafsil ma’lumot berilgan. Bu to‘rt darvoza har tomondan kirib kelgan karvonlar uchun qulayliklar yaratgan. Maqola Kalta minor tarixi, uning qurilishi o‘z yakuniga yetmay qolganiga doir dalillar bilan tugatiladi.
Ma’lumot uchun: “El País” Ispaniyaning eng nufuzli gazetasi bo‘lib, har kuni 1 million 4 ming nusxada chop etiladi. Elektron shaklini kuniga 18 million obunachi o‘qiydi. Gazeta ispan, katalan, ingliz va portugal tillarida chop etiladi.
Mahfuza Ortiqova,
O‘zA