Tailandning Bangkok shahrida Osiyo regbi federatsiyasining (Asia Rugby) yillik yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston regbi federatsiyasi raisi Sodiq Safoyev boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi va Osiyo regbi federatsiyasi rahbariyati, ushbu sport turi bo‘yicha qit’aning bir qator yetakchi mutaxassislari bilan muzokaralar olib bordi.

Osiyo regbi federatsiyasining yig‘ilishida regbi sportini qit’ada rivojlantirish masalalari qatorida Markaziy Osiyoda regbi-7 Olimpiya sport turi sifatida ommalashtirish bo‘yicha bir qator ishlar muhokama qilindi.

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, Osiyo regbi federatsiyasi prezidenti Kais Al-Dxalay so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan qaror asosida mamlakatimizda regbi sport turining tizimli rivojlanishi yo‘lga qo‘yilgani, kelgusida O‘zbekiston sportchilari regbi-7 bo‘yicha o‘tayotgan xalqaro musobaqalarda doimiy qatnashayotgani, ichki musobaqalar tashkil etilayotgani, turli seminarlar o‘tkazilayotgani mahalliy sportchilarning mahoratini oshirish bilan regbining dunyo miqyosida ommalashishiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatayotgani haqida to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, O‘zbekiston regbi federatsiyasi tashabbusiga asosan ikki yildan buyon Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari milliy terma jamoalari ishtirokida “Central Asia Open Championship” xalqaro turniri yuqori saviyada o‘tayotgani alohida ta’kidlandi.

Bildirilgan fikr-mulohazalar, takliflar asosida Osiyo regbi federatsiyasi yig‘ilishida Toshkent Markaziy Osiyoda regbini rivojlantirish markazi sifatida tanlangani e’lon qilindi.

Anjumanda O‘zbekiston regbi federatsiyasi bosh kotibi Qahramon Jalilov Osiyo regbi federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasidagi ko‘p yillik namunali faoliyati uchun “Asia Rugby Award” maxsus mukofoti bilan taqdirlandi.

Mazkur yig‘ilishda Osiyo regbi federatsiyasi prezidenti lavozimiga Kais Al-Dxalay ikkinchi muddatga saylandi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA