Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida fuqarolarning harbiy xizmatni o‘tashi va mamlakat xavfsizligini ta’minlashga oid masalalar yuzasidan Mudofaa vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, 2024 yilning o‘tgan davrida fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash holati to‘g‘risida mudofaa vazirining axboroti eshitildi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha belgilab berilgan vazifalarning so‘zsiz va sifatli ijrosini ta’minlash maqsadida Mudofaa vazirligida samarali ishlar olib borilgan. Natijada jangovar salohiyat yuqori darajaga ko‘tarilgan.

Milliy armiyaning jangovar shayligi va tayyorgarligini oshirishda asosan zamonaviy qurolli to‘qnashuvlar tahlillari hamda rivojlangan xorijiy armiyalarning ijobiy tajribalari qo‘shinlarga tatbiq etilgan.

Natijada o‘tgan yilga nisbatan jangovar shaylik tadbirlari 1,5 barobarga ko‘payib, qo‘mondonlik tarkibining kasbiy tayyorgarligini oshirishga erishilgan.

Qo‘shinlarda tezkor tayyorgarlik tadbirlari hamkorlikdagi kuch tuzilmalarini keng jalb qilgan holda tashkil etilgan. AQSH, Hindiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston armiyalari bilan hamkorlikda o‘quvlar o‘tkazilgan.

O‘quvlarda asosiy e’tibor zamonaviy janglarda yangi qo‘llanilayotgan uchuvchisiz uchish apparatlarini qo‘llashga, ularga qarshi kurashish va boshqaruv mahoratini oshirishga, strategik, operativ va operativ-taktik bo‘g‘inlarda bo‘linmalar tomonidan yangi taktik harakatlar o‘zlashtirilishiga qaratilgan.

2024 yilda jangovar mutaxassislik bo‘yicha Ozarbayjon, Qozog‘iston va Turkmanistondan tashrif buyurgan harbiy xizmatchilar o‘qitilgan.

Mudofaa vazirligi “Avtomatlashtirilgan axborot tizimi va ma’lumotlar bazasi” axborot tizimining “Chaqiruv” tizimosti dasturi barcha mudofaa ishlari boshqarma va bo‘limlariga tatbiq qilinib, elektron ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.

Ichki ishlar vazirligining “Manzil”, Adliya vazirligi huzuridagi “Xorijga chiqish pasporti”, “Yoshlar balansi” hamda “Elektron hukumat” platformalari integratsiya qilinib, harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilarga oid ma’lumotlar elektron bazasi yaratilgan.

Natijada mudofaa ishlari organlarining fuqarolarga harbiy ro‘yxatga kiritish va undan chiqarish faol davlat xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyati yaratildi. Ularga oid ma’lumotlarni taqdim qilish bilan bog‘liq masalalarda byurokratizm va boshqa to‘siqlarga barham berilgan.

Majlisda muhokama qilingan masalalar yuzasidan qo‘mitaning aniq takliflari aks etgan qarori qabul qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA