Ko‘pincha ko‘cha-ko‘yda, shaharning turli burchaklarida chiqindilar uyulib yoki yoyilib yotgan holatlarga ko‘zimiz tushadi. Bundan tashqari, chiqindixonalardagi urnalarda yig‘ilgan chiqindi bir kun olib chiqib ketilmasa, urnalar to‘lib-toshib ketganiga guvoh bo‘lamiz. Yig‘ilib qolgan chiqindi esa, albatta, atrofga badbo‘y hid tarqatadi.

Ayniqsa, yoz kunlarida turli hasharotlar ko‘payishiga, sanitariyaga zid vaziyatlar yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Bu kabi holatlar, shubhasiz, dilni xira qiladi, hech bir kimsaga yoqmaydi. Shunday ekan, chiqindini yig‘ish va olib chiqib ketish ishlariga panja orasidan qarab bo‘lmaydi.

Darhaqiqat, bugungi kunda dunyo miqyosida chiqindilar muammosi eng dolzarb ekologik masalalardan biriga aylanib bormoqda. Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi yillarda maishiy chiqindilar yildan-yilga ko‘payib boryapti. Ayniqsa, XXI asrda maishiy chiqindilar hajmining o‘sishi ekologik barqarorlikka juda katta salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi. Inson salomatligi va atrof-muhit tozaligi uchun eng muhim omillaridan biri chiqindi tizimini tartibga solish masalasi hisoblanadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilgan navbatdagi hujjat — chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida yangi to‘lov mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan qonun loyihasi bo‘ldi.

Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasida iste’molchiga chiqindi xizmati uchun qarzdorlikni bartaraf etishga imkoniyat yaratish maqsadida chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlardan qarzdorligi yuzasidan qisqa xabar (SMS) orqali iste’molchi xabardor qilingandan keyin besh kunlik muddat berilishi belgilandi. Shundan so‘ng qarzdorlik bartaraf etilmaganda, elektr energiyasi uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash tatbiq etiladi.

Ushbu qonun loyihasida iste’molchilar huquqlariga rioya etish kafolatlari to‘la mustahkamlanib, maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishga ixtisoslashgan tashkilotlar to‘lovlarning haqqoniy va to‘g‘ri hisoblanishi uchun javobgar bo‘lishi, mazkur talablar buzilgan hollarda iste’molchiga yetkazilgan zarar qoplanishi belgilab qo‘yildi.

Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida tegishli vazirlik va idoralar vakillari, huquqshunos va ekspertlar ishtirokida o‘tkazilgan ishchi guruh yig‘ilishlarida ushbu qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilinib, unga kiritilayotgan har bir norma deputatlar tomonidan chuqur tahlil qilindi. Unda ko‘zda tutilayotgan normalar chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov mexanizmlarini takomillashtirishga, chiqindi xizmatlarini ko‘rsatish sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Muhokama va savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.

Muhtarama Komilova,

O‘zA