O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati bilan moliyaviy hamkorlikda O‘zbekistonda kasbiy ta’limni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Germaniya Federativ Respublikasi “KfW” bankining granti asosida 7 ta kasbiy ko‘nikmalar markazlarini qurish-montaj qilish, ta’mirlash va jihozlash ishlari amalga oshiriladi.
Qaror bilan “O‘zbekistonda kasb-hunar ta’limini qo‘llab-quvvatlash” loyihasining texnik-iqtisodiy yig‘ma parametrlari tasdiqlandi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ushbu loyihaga ajratiladigan grantdan maqsadli foydalanish va uni samarali amalga oshirishga mas’ul ijrochi hisoblanadi.
Loyihaga kiritilgan ob’ektlarda qurilish-montaj ishlarini moliyalashtirish, shuningdek, asbob-uskunalar bilan ta’minlash xarajatlari Germaniya Federativ Respublikasi “KfW” bankining grantlari hisobidan amalga oshiriladi.
Bu, mehnat bozorining samarali mexanizmlarini joriy qilish, kambag‘al va ishsiz fuqarolarni zamonaviy kasb-hunarga o‘qitishni tashkil etish, shuningdek, Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati bilan moliyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, kasb-hunarga o‘qitish markazlarini ta’mirlash, jihozlash va ulardan samarali foydalanishni ta’minlash imkonini beradi.
Ma’lumot uchun:
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati hamda Germaniya Federativ Respublikasining “Kreditanstalt fiir Wiederaufbau” banki o‘rtasida 2023 yil 8 noyabrda imzolangan “O‘zbekistonda kasb-hunar ta’limini qo‘llab-quvvatlash” grant kelishuvida 5 yil muddatda 16 mln yevro miqdorida grant ajratilishi belgilangan edi.
O‘zA