O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 20 dekabrdagi tegishli qarori bilan “Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirishni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi.
Nizomga asosan uzluksiz kasbiy rivojlantirishning vertikal tizimiga quyidagilar kiradi:
-Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi;
-Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi;
-Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari;
-tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari;
-A.Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti;
-Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti;
-Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar Pedagogik mahorat markazlari;
-pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari;
-malaka oshirish faoliyati bilan shug‘ullanadigan nodavlat ta’lim tashkilotlari;
-maktabgacha ta’lim tashkiloti, Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan, umumiy o‘rta ta’lim va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari.
Shuningdek, mazkur Nizom bilan uzluksiz kasbiy rivojlantirishning vertikal tizimiga kiruvchi barcha bo‘g‘in tashkilot va o‘quv muassasalarining asosiy vazifalari belgilab berildi.
Unga ko‘ra, uzluksiz kasbiy rivojlantirish ta’lim olishning ishlab chiqarishdan ajralgan/ajralmagan holda, masofaviy, dual, mustaqil, muqobil shakllari orqali amalga oshiriladi. Uzluksiz kasbiy rivojlantirish jarayonlari menejerlik o‘quv kurslari, malaka oshirish kurslari, malaka oshirish kurslari oralig‘ida tashkil qilinadigan uzluksiz kasbiy rivojlantirish tadbirlari, qayta tayyorlash kurslari orqali bajariladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA