Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida mukammal tizim shakllandi. O‘tgan davr mobaynida sohada 30 dan ortiq qonunlar, 300 ga yaqin qonunosti hujjatlari qabul qilindi.

Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi izchil davom ettirilmoqda. Qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda Mintaqaviy iqlim strategiyasini amalga oshirishga kirishildi.

Respublika miqyosida 10 mingga yaqin fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida ekologiya, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha komissiyalar tuzilgan. Mamlakatimizning turli hududlarida 100 dan ortiq ekologik nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Atrof muhitni muhofaza qilishda jamoatchilik ishtiroki faollashdi. Ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu sohada 40 mingdan ortiq xodimlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Umuman, sohaga 300 mingdan ortiq mutaxassislar, olim va jamoatchilik vakillari jalb etilgan.

Yurtimizda 2025 yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilindi.

Majlisda Ekopartiya yetakchisi va boshqa deputatlar so‘z olib, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarida fidokorona mehnat qilayotgan soha fidoyilari va barcha faollarning atrof-muhitni asrash borasidagi faoliyatini rag‘batlantirishga, tarmoqning nufuzini oshirishga xizmat qilishini qayd etdi.

Majlisda qonun loyihasi qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA