Xalqaro sport tadqiqotlari markazi (CIES Football Observatory) butun dunyo bo‘yicha milliy ligalar va terma jamoalar (milliy, U-23, U-21) uchun 2024 yilda eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchilar reytingini e’lon qildi.
Ushbu reytingga dunyoning 66 ta ligasidan eng ko‘p o‘yin vaqtiga ega bo‘lgan yigirma nafardan futbolchi kiritildi. Quvonarlisi, ushbu reytingdan mahoratli futbolchilarimiz Abbosbek Fayzullayev va Odilbek Hamrobekov o‘rin oldi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, eng ko‘p o‘yin o‘tkazish bo‘yicha SSKA klubining hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullayev Rossiya Premer-ligasida ishtirok etayotgani bois reytingga kiritildi. Futbolchimiz Rossiya Premer-ligasi vakillari orasida 2024 yil davomida eng ko‘p maydonda harakat qilgan futbolchi sifatida rekord o‘rnatdi. Abbosbek jami 58 ta uchrashuvda ishtirok etib, 3 ming 942 daqiqa davomida o‘ynagan.
Bu reytingga Abbosbek Fayzullayevning nafaqat SSKA, O‘zbekiston milliy va U23 terma jamoalarida o‘tkazgan o‘yinlaridagi ko‘rsatkichlari ham kiritilgan.
«CIES Football Observatory» ekspertlari O‘zbekiston Superligasi o‘yinchilari reytingini ham e’lon qildi. Unga ko‘ra, mavsumni “Navbahor”da o‘tkazgan Odilbek Hamrobekov klub va O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibidagi uchrashuvlarida jami 47 marotaba maydonga tushib, jami 4 ming 114 daqiqa o‘ynagan holda birinchi o‘rindan joy oldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA