Ajiniyoz tavalludining 200 yilligi

Davlatimiz rahbarining joriy yil 16 iyuldagi “Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan joylarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Darhaqiqat, shoir o‘zining betakror va sermazmun ijodi bilan xalqimiz madaniyati va adabiyotini rivojlantirish, yosh avlodni vatanparvarlik va ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasidagi azaliy do‘stlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan ulkan ijodkor hisoblanadi. Shuning uchun ham hassos shoirning she’r va dostonlarida aks etgan gumanistik falsafiy qarashlar el-yurtimiz qalbidan chuqur joy egallagan. Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini nishonlash YUNESKOning xalqaro yubileylar rejasiga kiritilgani ham uning ijodiy merosi naqadar umumbashariy ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi.

Qaror ijrosini ta’minlash doirasida shoirning “Tanlangan asarlar” to‘plami o‘zbek va qoraqalpoq tillarida nashr qilindi, hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan sahna asarlari hamda “Ajiniyoz” badiiy-publitsistik filmi yaratildi.  Shoir ijodiga bag‘ishlangan “Ayt, sen Ajiniyozning qo‘shiqlaridan” mavzusida mamlakatimiz yosh ijodkorlarining tanlovi, ijod maktablari o‘quvchilari o‘rtasida uning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan insholar tanlovi o‘tkazildi.

Qarorda Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining adabiy merosini o‘rganish mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar uyushtirilib, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida shoir muzeyini tashkil qilish, shoirning Mo‘ynoq tumanidagi qabrini obodonlashtirish va unga yodgorlik o‘rnatish ishlari amalga oshirildi.

Nukus shahri va tumanlarda shoirning 200 yillik yubileyi munosabati bilan turli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Unda nafaqat mamlakatimizdan balki, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkiya davlatlaridan olimlar, yozuvchilar va shoirlar ishtirok etmoqda.

Tadbirning dastlabki kuni ishtirokchilar Nukus shahridagi shoir haykaliga gulchambar qo‘ydi. Oqqush majmuasida xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya va badiiy-adabiy kecha bo‘lib o‘tdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, Prezidentimiz tashabbusi bilan buyuk mutafakkir bobomiz tavalludining 200 yilligi YUNESKO doirasida nishonlanadigan xalqaro yubileylar qatoriga kiritilgani, Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining nomini abadiylashtirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Tadbir ochilishida so‘zga chiqqan olimlar Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining har qanday davrda ham o‘z qiymatini yo‘qotmaydigan bebaho asarlari qadri yillar o‘tgan sayin ortib borishini, uning qoldirgan merosi yanada xalqimiz ma’naviyatini boyitishda xizmat qilishini ta’kidladi.

Tadbirda bir qator olimlar va jamoat arboblariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining “Faxriy yorlig‘i” topshirildi. San’at va madaniyat xodimlari tomonidan tashkil etilgan konsert dasturi ishtirokchilarga yaxshi kayfiyat bag‘ishladi.

Shu kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida Turkiy xalqlar akademiyasi tashabbusi bilan shoirning sara asarlari Turk va Ozarbayjon tillariga tarjima qilingan kitoblarining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

Shoir tavalludining 200 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar davom etmoqda.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri