Surxondaryoning Termiz shahrida dzyudo bo‘yicha yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati davom etmoqda.

Termiz Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida o‘tkazilayotgan musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan yuzdan ortiq yoshlar g‘oliblik uchun o‘zaro raqobatlashmoqda.

Chempionatning navbatdagi kunida 4 ta vazn toifasida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Unda o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi -73 va -81 kg. vazndagi bellashuvlarda Bunyod Safarov (Toshkent viloyati) va Samariddin Muhibiddinov (Toshkent shahri) barcha raqiblarini mag‘lub etgan holda oltin medal bilan taqdirlandi.

Qizlar o‘rtasida vazni -63 kg. bo‘lgan Sarvinoz Husanova (Samarqand) finalda Asal Karimjonova (Toshkent shahri) ustidan zafar quchib, O‘zbekiston chempioniga aylangan bo‘lsa, Gulg‘uncha Ko‘klamova (Xorazm) hamda Adina Abulqosimova (Toshkent viloyati) bronza medaliga sazovor bo‘ldi. 70 kilogrammgacha vaznda bellashgan Xurshida Razzoqberdiyeva (Xorazm) oltin, Barchinoy Qodirova (Xorazm) kumush, Azada Medetbayeva (Qoraqalpog‘iston) hamda Toygul Hamroyeva (Buxoro) bronza medal sohibiga aylandi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA