AQSH yangi hukumatining Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyatni 24 soat ichida hal qilishi haqidagi bayonoti haqiqatga qanchalik yaqin?
Saylangan Prezident Donald Tramp va RF yetakchisi Vladimir Putinning ehtimoliy muzokarasi chog‘ida tez orada kelishuvga erishish va Ukrainaning NATOga a’zoligini uzoq muddatga to‘xtatish diqqat markazida turishi kutilyapti.
Kecha Tramp ikki davlat mojarosini bartaraf qilish uchun Putin bilan uchrashmoqchiligini ma’lum qildi. U Ukrainadagi vaziyatni “dahshatli” deb atadi va “Agar Jo Baydenning o‘rnida davlat rahbari bo‘lganimda, bu mojaro sodir bo‘lmasdi”, deya yana bir bor ta’kidladi.
Avvalroq Rossiya rahbari ham matbuot anjumanida Tramp bilan uchrashishga tayyorligi, ikki Prezidentning gaplashadigan gaplari ko‘pligini ta’kidlagan.
Amerika Prezidenti maxsus yordamchisi, Milliy xavfsizlik kengashi Yevropa masalalari bo‘yicha direktori Maykl Karpenter Ukrainaning NATOga qabul qilinishi istiqboli yangi ma’muriyatga bog‘liqligi va buning imkoni borligini ma’lum qildi.
Putin urushni tinch yo‘l bilan tugatishni taklif qilib, Moskva zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishining sharti sifatida Ukraina qo‘shinlari RFning yangi egallangan hududlaridan chiqib ketishini so‘ragan. Bundan tashqari Kiyev NATOga a’zo bo‘lish va demilitarizatsiya, denasifikatsiyani amalga oshirish niyatidan voz kechib, qo‘shilmaslikka doir va yadrosiz maqomni qabul qilishi kerak. RF talablari qatorida Moskvaga qarshi qo‘llangan sanksiyalar bekor qilinishi ham bor.
Musulmon Ziyo, O‘zA