Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotida Rossiya bilan harbiy mojaro tufayli Ukrainada 12 300 dan ziyod oddiy aholi vakili hayotdan ko‘z yumgani, 27 800 dan ko‘p odam yaralangani qayd etilgan. Bu haqda “Ukrinform” agentligi yozdi.

– 2022 yil 24 fevraldan 2024 yil 30 noyabrgacha bo‘lgan davrda Ukrainada 12 340 kishi halok bo‘lgani, 27 836 nafar inson jarohatlangani qayd etilgan, – dedi BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Izumi Nakamitsu Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida.

Shuningdek, noyabr oyida oddiy aholi orasida kuzatilgan o‘lim holatining 42 foizi uzoq masofaga mo‘ljallangan qurollar qo‘llanishi bilan bog‘liqligi ta’kidlangan. Achinarlisi, bu ko‘rsatkich avvalgi oylarga nisbatan sezilarli darajada yuqori.

Majlisda keltirilgan, Ukrainada Inson huquqi monitoringi missiyasi tomonidan e’lon qilingan yillik hisobotga ko‘ra, 1 yanvardan 30 noyabrgacha havo hujumi oqibatida 341 nafar begunoh aholi halok bo‘lgan, 1803 nafar odam yaralangan. Bu o‘tgan yildagi tegishli ko‘rsatkichdan uch-olti barobar ko‘p.