Xabaringiz bor, kuni kecha Osiyo qit’asida futbol bo‘yicha Jahon chempionati 3-saralash bosqichining 5-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu turdan so‘ng “A”, “B” va “C” guruhlaridagi vaziyat quyidagicha ko‘rinish oldi.
Jumladan, “A” guruhida O‘zbekiston terma jamoasi safarda Qatardan 3:2 hisobida yengilgan bo‘lsa, KXDR va Eron uchrashuvi 2:3 hisobida yakunlandi. BAA o‘z maydonida Qirg‘iziston termasini yirik 3:0 hisobida taslim etdi.
Shu tariqa, mazkur guruhda Eron 13 ochko jamg‘argan holda yaqqol peshqadamga aylandi. O‘zbekiston esa 10 ochko bilan ikkinchi o‘rinda qoldi. BAA hamda Qatar termalari hisobidagi ochkolar 7 taga yetdi va ular 3-4-o‘rinlarga joylashdi. Qirg‘iziston 3, KXDR 2 ochko bilan keyingi pog‘onadan o‘rin egalladi.
Endi guruhdagi 6-turda KXDR – O‘zbekiston, Qirg‘iziston – Eron, BAA – Qatar terma jamoalari bahsiga guvoh bo‘lamiz.
Saralash bahslarining “B” guruhida Janubiy Koreya o‘z imkoniyatlarini yanada yaxshilab oldi. Bu jamoa Quvaytga qarshi o‘tgan mehmondagi o‘yinda 1:3 hisobida g‘alaba qozonib, ochkolarini 13 taga yetkazgan holda karvonboshilik unvonini saqlab qoldi. Quvayt esa 3 ochko bilan 5-pog‘onadan siljimadi.
Guruhda ikkinchi o‘rin uchun kurashayotgan Iordaniya va Iroq o‘rtasidagi bahsda hisob ochilmadi va jamoalar bir ochkodan bo‘lishib oldi. Shu tariqa 8 ochkodan jamg‘argan bu terma jamoalar gollar nisbatiga ko‘ra 2-3-qatorlardan o‘rin egalladi. Falastin va O‘mon bellashuvi 2:2 hisobida o‘z yakuniga yetdi. O‘mon bu natijadan so‘ng 6 ochko bilan guruhning to‘rtinchi pog‘onasidan joy olgan bo‘lsa, Falastin 2 ochko bilan eng so‘nggi o‘rinda qayt etildi.
Mazkur guruhdagi keyingi tur bellashuvlarida O‘mon – Iroq, Quvayt – Iordaniya, Falastin – Janubiy Koreya termalari o‘zaro to‘qnashadi.
“C” guruhidan o‘rin olgan Avstraliya va Saudiya Arabistoni uchrashuvi 0:0 hisobida tugadi. Bahrayn esa o‘z maydonida Xitoyga minimal 0:1 hisobida yutqazdi. Mazkur natijalardan so‘ng Avstraliya, Saudiya Arabistoni va Xitoy terma jamoalari 6 ochko to‘plagan holda 2-4-o‘rinlarni band etdi.
Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, guruhdagi Indoneziya va Yaponiya termalari bahsi bugun, 15 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Shunday bo‘lsa-da, ayni vaqtda Yaponiya 4 o‘yinda 10 ochko jamg‘arib, “S” guruhida yaqqol peshqadamlik qilmoqda. Indoneziya esa 3 ochko bilan oxirgi o‘rinda borayotir. Agarda mazkur uchrashuvda mezbonlar zafar quchsa, ochkolar soni 6 taga yetadi va Bahrayn 5 ochko bilan egallab turgan 5-pog‘onaga ko‘tarilib oladi. Qolgan har qanday natijada guruhdagi joylashuv o‘zgarmaydi.
Bu guruhdagi 6-tur uchrashuvlarida Xitoy o‘z maydonida Yaponiyani qabul qilsa, Saudiya Arabistoni safarda Indoneziya bilan o‘ynaydi. Bahrayn esa Avstraliyaga qarshi muxlislari olqishi ostida maydonga tushadi.
Jahon chempionati 3-saralash bosqichining oltinchi turi 19 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tish joizki, 2026 yilda AQSH, Kanada va Meksika mamlakatlarida bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionatida 48 ta jamoa qatnashadi. Chempionatda qatnashish uchun Osiyo qit’asiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 8 ta, qit’alararo pley-off o‘yinlari orqali esa bitta o‘rin ajratilgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA