Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilning dastlabki to‘qqiz oyida respublikadagi banklar tomonidan 12,8 trillion so‘m miqdorida avtokredit ajratilgan.

Ushbu miqdor o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,4 barobarga kamaygan bo‘lib, bu avtokredit ajratilishi va avtomobil bozori faolligida tushish kuzatilayotganidan dalolat beradi.

2024 yilning uchinchi choragida davlat ro‘yxatidan o‘tgan avtomobillar soni 352,8 mingtani tashkil etdi. Bu ikkinchi chorakka nisbatan 27,8 foizga ko‘pdir. Biroq o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ushbu ko‘rsatkich 19,9 foizga kamaygan.

Avtokredit ajratilishidagi pasayish fonida ayrim avtomobil ishlab chiqaruvchilar va dilerlar talabni barqarorlashtirish maqsadida chegirmalar, muddatli va foizsiz to‘lovlar kabi imkoniyatlarni taklif etmoqda.

Mutasaddilarning taxminiga ko‘ra, agar kredit ajratish sur’ati ushbu darajada davom etsa, yil oxirigacha har oyda o‘rtacha 115-118 mingta yangi avtomobil ro‘yxatdan o‘tishi kutilmoqda.

N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA